50-modda. Tergovning maxsus metodlari
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida har bir ishtirokchi Davlat, ichki huquqiy tizimidagi eng muhim prinsiplari yoʻl qoʻyadigan darajada va uning ichki qonunchiligida belgilangan shartlarda, oʻzining vakolatli organlari tomonidan tegishli tarzda nazorat ostida yetkazib berishga va oʻzi lozim deb topgan holatlarda esa, elektron kuzatuv yoki kuzatuvning boshqa shakllarini qoʻllashga, shuningdek oʻzining hududida amalga oshiriladigan agentura operatsiyalari kabi tekshiruv ishlarini olib borishning maxsus metodlaridan, oʻz imkoniyatlari doirasida, tegishli tarzda foydalanishga, shuningdek bu kabi metodlar yordamida toʻplangan isbot-dalillar sudga qoʻyilishiga ruxsat berilishi uchun talab qilinishi mumkin boʻlgan choralarni koʻradi.
2. Mazkur Konvensiyada qamrab olingan jinoyatlar boʻyicha tekshiruv olib borish maqsadida, zarurat mavjud boʻlgan hollarda, tekshiruvning bunday maxsus metodlaridan xalqaro miqyosda hamkorlik qilish kontekstida foydalanish uchun ishtirokchi Davlatlar tomonidan ikki tomonlama yoki koʻp tomonlama kelishuv yoxud bitimlar tuzishi ragʻbatlantiriladi. Bunday kelishuv yoki bitimlar davlatlarning suveren teng huquqlik prinsipiga toʻla rioya qilgan holda tuziladi va amalga oshiriladi hamda ushbu kelishuv yoki bitimlarning shartlariga qatʼiy amal qilgan holda qoʻllaniladi.
3. 2-bandda koʻrsatilgan kelishuv va bitimlar mavjud boʻlmaganida tekshiruvning bunday maxsus metodlaridan xalqaro miqyosda foydalanish toʻgʻrisidagi qaror har bir alohida holat uchun qabul qilinishi mumkin va, zarurat tugʻilganida, moliyaviy kelishuvlar hamda sud qilish huquqini amalga oshirishda manfaatdor ishtirokchi Davlatlarning hamjihatligini hisobga oladi.
4. Nazorat ostida yetkazib berishdan xalqaro miqyosda foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar, manfaatdor ishtirokchi Davlatlarning roziligi bilan, yuklarni ushlab olib qolish va ularga tegmasdan qoldirish yoki ularni toʻliq yoxud qisman muomaladan chiqarish yoki almashtirish kabi metodlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
