5-modda. Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi harakat qilish siyosati va amaliyoti
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Har bir ishtirokchi Davlat, oʻz huquqiy tizimining asosiy tamoyillariga muvofiq, korrupsiyaga qarshi harakat qilish borasida, jamiyat ishtirokiga yordam beradigan hamda huquq-tartibot, ommaviy ishlar va ommaviy mol-mulkni kerakli darajada boshqarish, halollik va sodiqlik, oshkoralik va masʼuliyatlilik tamoyillarini aks ettiradigan samarali va muvofiqlashtirilgan siyosatni ishlab chiqadi va amalga oshiradi yoki olib boradi.
2. Har bir ishtirokchi Davlat korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali amaliyot turlarini belgilash va ragʻbatlantirishga harakat qiladi.
3. Har bir ishtirokchi davlat korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish nuqtai nazaridan tegishli huquqiy hujjatlar va maʼmuriy choralarning muvofiqligini aniqlash maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan baholashga harakat qiladi.
4. Ishtirokchi davlatlar tegishli hollarda va oʻz huquqiy tizimlarining asosiy tamoyillariga muvofiq ushbu moddada keltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashishda bir-biri bilan hamda tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorlik qiladilar. Ushbu hamkorlik korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan xalqaro dastur va loyihalarda ishtirok etishni qamrab olishi mumkin.
