48-modda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasidagi hamkorlik
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Ishtirokchi Davlatlar mazkur Konvensiyada qamrab olingan jinoyatlarga qarshi kurashish uchun qoʻllaniladigan qonuniy choralar samaradorligini oshirish maqsadida, oʻzlarining ichki huquqiy va maʼmuriy tizimlariga muvofiq tarzda, bir-birlari bilan yaqindan hamkorlik qiladilar. Ishtirokchi Davlatlar, xususan, quyidagilarga qaratilgan samarali choralarni koʻradilar:
a) mazkur Konvensiyada qamrab olingan jinoyatlarning barcha jihatlari toʻgʻrisida, jumladan, agar ishtirokchi Davlatlar buni zarur deb topsalar, jinoiy faoliyatning boshqa turlari boʻyicha maʼlumotlarning ishonchli va tezkor almashinuvini taʼminlash maqsadida ishtirokchi Davlatlarning vakolatli organlari, muassasalari va xizmatlari oʻrtasida aloqa kanallarini mustahkamlash va zarur boʻlgan holatlarda bu kabi aloqani oʻrnatish;
b) mazkur Konvensiyada qamrab olingan jinoyatlar bilan bogʻliq boʻlgan tekshiruv ishlarini olib borishda quyidagilarni aniqlash maqsadida hamkorlik qilish:
i) bu kabi jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotganlarning shaxsi, joylashgan yeri va faoliyati yoki boshqa aloqador shaxslarning joylashgan yeri;
ii) bu kabi jinoyatlar sodir etilishi natijasida orttirilgan jinoiy daromadlar yoki mol-mulkning koʻchishi, joyini oʻzgartirishi;
iii) bu kabi jinoyatlarni sodir etishda foydalanilgan yoki foydalanish uchun moʻljallangan mol-mulk, uskunalar yoki boshqa vositalarning joydan joyga koʻchishi.
s) lozim boʻlgan holatlarda tahlil qilish yoki tekshiruv oʻtkazish maqsadida zarur predmetlar yoki zarur boʻlgan miqdorda moddalarni taqdim etish;
d) zarur holatlarda boshqa ishtirokchi Davlatlar bilan mazkur Konvensiyada qamrab olingan jinoyatlarni sodir etishda qoʻllaniladigan aniq vositalar va usullar, jumladan qalbaki shaxsiy guvohnomalar, qalbaki, oʻzgartirilgan yoki soxta hujjatlar va faoliyatini yashirishda qoʻllaniladigan boshqa vositalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan almashish;
e) ularning vakolatli organlari, muassasalari va xizmatlari oʻrtasidagi samarali muvofiqlashtirishga koʻmaklashish va xodimlar hamda boshqa ekspertlar bilan almashish, shu jumladan, manfaatdor ishtirokchi Davlatlar tomonidan ikki tomonli kelishuvlar va bitimlar tuzilishi shartida aloqa boʻyicha xodimlarni joʻnatish;
f) axborot almashinuvi va, lozim boʻlgan holatlarda, mazkur Konvensiyada qamrab olingan jinoyatlarni avvaldan aniqlash maqsadida qoʻllaniladigan maʼmuriy va boshqa choralarni muvofiqlashtirish.
