46-modda. Oʻzaro huquqiy yordam — Korrupsiyaga qarshi
46-modda. Oʻzaro huquqiy yordam
Korrupsiyaga qarshi · Sana: 31.10.2003 · Amalda
1. Ishtirokchi Davlatlar mazkur Konvensiya bilan qamrab olingan jinoyatlar bilan bogʻliq boʻlgan tergov ishlari, jinoiy qidiruv ishlari va sud muhokamalarida bir-birlariga eng keng miqyosdagi oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatadilar.
2. Soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatda, mazkur Konvensiyaning 26-moddasiga koʻra, yuridik shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin boʻlgan jinoyat bilan bogʻliq tergov ishlari, jinoiy qidiruv ishlari va sud muhokamasi uchun zarur boʻlgan va tegishli qonunlarga, xalqaro shartnomalarga hamda soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatning kelishuv va bitimlariga muvofiq koʻrsatilayotgan oʻzaro huquqiy yordam imkon qadar maksimal hajmda taqdim etiladi.
3. Mazkur moddaga muvofiq taqdim etilayotgan oʻzaro huquqiy yordam quyidagi maqsadlarning istalgani uchun soʻralishi mumkin:
a) ayrim shaxslardan guvohlik koʻrsatmalari yoki arizalarni olish;
b) sud hujjatlarini topshirish;
s) tintuv oʻtkazish va xatlash, shuningdek operatsiyalarni toʻxtatib turish (ishga solmay turish);
d) obyektlar va hudud uchastkalarini tekshiruvdan oʻtkazish;
e) maʼlumotlarni, ashyoviy dalillar va ekspertlarning chiqargan xulosalarini taqdim etish;
f) tegishli hujjat va materiallar, shu jumladan hukumat, bank, moliyaviy, korporativ yoki tijorat hujjatlarining asl nusxalari va tasdiqlangan nusxalarini taqdim etish;
g) isbotlash maqsadlarida jinoiy daromadlar, mol-mulk, jinoyat sodir etish vositalari yoki boshqa predmetlarni aniqlash yoki kuzatish;
h) tegishli shaxslarning soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatning organlariga ixtiyoriy ravishda kelishiga koʻmaklashish;
i) soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatning ichki qonunchiligiga zid boʻlmagan istalgan boshqa turdagi yordamni koʻrsatish;
j) mazkur Konvensiyaning V bobida keltirilgan holatlarga muvofiq jinoiy daromadlarni aniqlash, ishga solmay turish va kuzatish;
k) mazkur Konvensiyaning V bobida keltirilgan holatlarga muvofiq aktivlarni musodara qilish (muomaladan chiqarish).
4. Ishtirokchi Davlatning vakolatli organlari, ichki qonunchilikka zarar yetkazmagan va zid boʻlmagan holda, jinoiy-huquqiy masalalarga taalluqli maʼlumotlarni boshqa ishtirokchi Davlatning vakolatli organiga, bunday maʼlumotlar ushbu organga tergov ishlarini va jinoiy qidiruv ishlarini amalga oshirishga yoki muvaffaqiyatli yakunlashga yoki ushbu ishtirokchi Davlat tomonidan murojaatnoma tuzilishiga olib kelishiga yordam berishi mumkin deb hisoblasalar, dastlabki murojaatsiz topshirishlari mumkin.
5. Mazkur moddaning 4-bandiga muvofiq maʼlumotning berilishi maʼlumotni taqdim etayotgan davlatning vakolatli organlari tergov ishlari va jinoiy ish olib borilishiga zarar yetkazmagan holda amalga oshiriladi. Maʼlumot olayotgan vakolatli organlar ushbu maʼlumotning maxfiy xususiyatga ega jihatlarini, hattoki, vaqtinchalik asosda saqlash toʻgʻrisidagi iltimosni bajaradilar yoki undan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlarga rioya qiladilar. Biroq, bu holat, maʼlumotni olgan ishtirokchi Davlatga oʻzida olib borilayotgan ish davomida ayblanuvchini oqlaydigan maʼlumotlarni aniqlashga toʻsqinlik qilmaydi. Bunday hollarda, maʼlumot olgan ishtirokchi Davlat, maʼlumotni oshkor qilishdan avval, maʼlumotni taqdim etgan ishtirokchi Davlatga xabar beradi va, agar bu haqda murojaat olinsa, maʼlumot taqdim etgan ishtirokchi Davlat bilan maslahatlashadi. Agar, kamdan-kam uchraydigan hollarda, avvaldan xabar berishning imkoni boʻlmasa, maʼlumot olayotgan ishtirokchi Davlat bu kabi oshkor etilish toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etayotgan ishtirokchi Davlatga xabar beradi.
6. Mazkur moddaning holatlari biron boshqa, xoh ikki tomonlama, xoh koʻp tomonlama boʻlishidan qatʼiy nazar, oʻzaro huquqiy yordamni toʻliq yoki qisman muvofiqlashtiruvchi yoxud muvofiqlashtiradigan shartnoma boʻyicha majburiyatlarga taalluqli emas.
7. Mazkur moddaning 9 — 29 bandlari, agar tegishli ishtirokchi Davlatlar oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi biron-bir shartnoma tuzmagan boʻlsalar, mazkur moddaga asosan joʻnatilgan murojaatlarga nisbatan qoʻllaniladi. Agar ishtirokchi Davlatlar bu kabi shartnoma tuzgan boʻlsalar va ishtirokchi Davlatlar ushbu shartnomaning tegishli holatlari oʻrniga mazkur moddaning 9 — 29 bandlarini qoʻllashga rozi boʻlmasalar, u holda shartnomaning aynan shu holatlari qoʻllaniladi. Ishtirokchi Davlatlarga, agar bu hamkorlikka koʻmak beradigan boʻlsa, aynan shu bandlarni qoʻllash tavsiya qilinadi.
8. Ishtirokchi Davlatlar bank sirini maxfiy tutishga asoslangan holda, mazkur moddaga koʻra, oʻzaro huquqiy yordam taqdim etilishini rad etmaydilar.
9. a) Soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat, agar tegishli xatti-harakat jinoyat deb ikkala taraflama tan olinmagan boʻlsa, mazkur moddaga koʻra yordam berilishi toʻgʻrisida qilingan murojaatga javob berishda mazkur Konvensiyaning 1-moddasida koʻrsatilgan maqsadlarni eʼtiborga oladi;
b) ishtirokchi Davlatlar tegishli xatti-harakat jinoyat deb ikkala taraflama tan olinmaganiga asoslangan holda mazkur moddaga koʻra yordam taqdim etilishidan bosh tortishlari mumkin. Shu bilan birga, soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat, huquqiy tizimlarining asosiy konsepsiyalariga muvofiq boʻlishi shartida va agar bunday yordam majburiy choralar koʻrilishi bilan bogʻliq boʻlmasa, yordamni taqdim etadi. Agar murojaat de minimis xususiyatiga ega boʻlgan masalalar bilan bogʻliq boʻlsa yoki soʻralayotgan hamkorlik yoxud yordam mazkur Konvensiyaning boshqa holatiga muvofiq taʼminlanishi mumkin boʻlsa, bu kabi yordamning koʻrsatilishiga rad javobi berilishi mumkin;
s) har bir ishtirokchi Davlat tegishli xatti-harakat jinoyat deb ikki taraflama tan olinmaganida mazkur moddaga binoan katta hajmda yordam koʻrsatishga qodir boʻlishi uchun talab qilinishi mumkin boʻlgan choralarni qabul qilish imkoniyatlarini koʻrib chiqishi mumkin.
10. Hibsga olingan va bir ishtirokchi Davlat hududida qamoq muddatini oʻtayotgan shaxsning mazkur Konvensiyada qamrab olingan jinoyatlar bilan bogʻliq boʻlgan shaxsni aniqlanish, guvohlik berish yoki tergov ishi, koʻrilayotgan jinoiy ish uchun isbot-dalillar olish maqsadlarida boshqa ishtirokchi Davlatda boʻlishi talab qilinayotgan boʻlsa, u holda quyidagi talablarga rioya qilish shartida ushbu shaxs boshqa ishtirokchi Davlatga topshirilishi mumkin:
a) ushbu shaxs bunga oʻzining ongli tarzda roziligini bersa;
b) ikkala ishtirokchi Davlatning vakolatli organlari ushbu Davlatlar tegishli deb topishlari mumkin boʻlgan shartlarda kelishuvga erishsalar.
11. Mazkur moddaning 10-bandi maqsadlari uchun:
a) topshirilgan shaxsni qabul qilgan ishtirokchi Davlat, agar ushbu shaxsni topshirgan ishtirokchi Davlat boshqa choralar qoʻllanilishini soʻramagan yoki ruxsat bermagan boʻlsa, bu shaxsni qamoqda saqlashga haqli va qamoqda saqlashi lozim;
b) topshirilayotgan shaxsni qabul qilib olgan ishtirokchi Davlat ushbu shaxsni topshirgan ishtirokchi Davlatga qaytarib berish boʻyicha oʻz majburiyatini avvalroq kelishib olinganidek yoki ikkala ishtirokchi Davlatlarning vakolatli organlari tomonidan boshqacha tarzda kelishib olinganidek zudlik bilan bajaradi;
s) topshirilayotgan shaxsni qabul qilib olgan ishtirokchi Davlat ushbu shaxsni topshirgan ishtirokchi Davlatdan topshirish yoki qaytarish tartibotini qoʻzgʻatishni talab qilmaydi;
d) topshirilgan shaxsning uni topshirgan davlatda oʻtayotgan qamoq muddatiga topshirilgan ishtirokchi Davlatdagi uning qamoqda boʻlgan muddati ham qoʻshiladi.
12. Mazkur moddaning 10- va 11-bandlariga muvofiq biron shaxsni topshirishi lozim boʻlgan ishtirokchi Davlatning roziligisiz, topshirilayotgan davlat hududida ushbu shaxsning, fuqaroligi qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, uni topshirgan davlat hududidan ketishidan avvalgi vaqt oraligʻiga taalluqli boʻlgan harakatlar, bajarilmagan harakatlar yoki hukm chiqarilishi bilan bogʻliq boʻlgan taʼqib qilinishiga, qamoqqa olinishiga, jazolanishiga yoki shaxsiy ozodligining boshqa cheklanishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Har bir ishtirokchi Davlat oʻzaro huquqiy yordam berilishi haqidagi murojaatlarni qabul qilishga yoki ularni bajarishga yoxud ularni bajarish uchun vakolatli organlarga joʻnatishga masʼul va tegishli vakolatlarga ega boʻlgan markaziy organni tayinlaydi. Agar ishtirokchi Davlatda oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatishning alohida tizimiga ega maxsus hudud yoki mintaqa boʻlsa, u ushbu hudud yoki mintaqada xuddi shunday vazifalarni bajaruvchi alohida markaziy organni tayinlashi mumkin. Markaziy organlar qabul qilingan murojaatlarni tezkor va tegishli tarzda bajarilishi yoki joʻnatilishini taʼminlaydilar. Agar markaziy organ murojaatni bajarish uchun vakolatli organga joʻnatayotgan boʻlsa, ushbu murojaat vakolatli organ tomonidan tezkor va tegishli ravishda bajarilishiga koʻmaklashadi. Har bir ishtirokchi Davlat oʻzining ratifikatsion yorligʻini yoki mazkur Konvensiyani qabul qilishi yoki uni tasdiqlashi yoni unga qoʻshilishi toʻgʻrisidagi hujjatini saqlash uchun topshirayotganida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ushbu maqsadlarda tayinlangan markaziy organ haqida xabardor qilinadi. Oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimoslar va ularga taalluqli istalgan xabarlar ishtirokchi Davlatlar tayinlagan markaziy organlar tomonidan joʻnatiladi. Bu talab ishtirokchi Davlatning bunday murojaatlar va xabarlarni diplomatik kanallar orqali va favqulodda vaziyatlarda, ishtirokchi Davlatlar bu haqda avvaldan kelishib olgan boʻlsalar va agar, buning imkoni boʻlsa, Jinoiy politsiyaning xalqaro tashkiloti orqali unga yetkazilishini talab qilishdek huquqini cheklamaydi.
14. Murojaatlar yozma koʻrinishda yoki, agar buning imkoni boʻlsa, soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat uchun maqbul boʻlgan tilda yozma matn tuzishning va ushbu ishtirokchi Davlatga uning asliga toʻgʻri ekanligini aniqlash imkoniyatini beruvchi shartlarda istalgan vositalar yordamida joʻnatiladi. Ratifikatsion yorliq yoki mazkur Konvensiyani qabul qilishi yoki uni tasdiqlashi yoni unga qoʻshilishi toʻgʻrisidagi hujjat saqlash uchun topshirilayotganida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi har bir ishtirokchi Davlat uchun maqbul boʻlgan til yoki tillar toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Favqulodda vaziyatlarda va, agar ishtirokchi Davlatlar tomonidan bu haqda avvaldan kelishib olingan boʻlsa, murojaatlar ogʻzaki koʻrinishda joʻnatilishi mumkin, lekin bu ogʻzaki murojaatlar zudlik bilan yozma ravishda tasdiqlanadilar.
15. Oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi murojaatda quyidagilar koʻrsatiladi:
a) iltimos bilan murojaat qilayotgan organning nomlanishi;
b) masalaning mohiyati va murojaatga taalluqli tekshiruv ishlari, qoʻzgʻatilgan jinoiy ish yoki sud muhokamasining tavsifi, shuningdek bu tekshiruv ishlari, qoʻzgʻatilgan jinoiy ish yoki sud muhokamasini amalga oshirayotgan organning nomlanishi va vazifalari;
s) sudga oid hujjatlarni topshirish bilan bogʻliq iltimoslarni istisno qilganda, tegishli dalillarning qisqacha bayoni;
d) soʻralayotgan yordamning taʼrifi va soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat rioya qilinishi taʼminlanishini xohlayotgan istalgan aniq tartibot toʻgʻrisida batafsil maʼlumot;
e) imkon boricha, istalgan tegishli shaxsning joylashgan yeri, fuqaroligi va shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar; va
f) dalillar, maʼlumot yoki choralar soʻralishidan maqsad.
16. Soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat, agar biron qoʻshimcha maʼlumot uning ichki qonunchiligiga muvofiq iltimos bajarilishi uchun yoki bunday iltimos bajarilishini yengillashtiradigan boʻlsa, zarur boʻlgan holatlarda ushbu qoʻshimcha maʼlumotni soʻrashi mumkin.
17. Iltimos soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatning ichki qonunchiligiga muvofiq va soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatning ichki qonunchiligiga zid boʻlmagan darajada, va imkon qadar iltimosda koʻrsatilgan tartibotlarga muvofiq ravishda bajariladi.
18. Agar biron-bir shaxs ishtirokchi Davlat hududida boʻlsa va guvoh yoki ekspert sifatida boshqa ishtirokchi Davlatning sud organlariga guvohlik yoki koʻrsatma berishi kerak boʻlib va tegishli shaxsning soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatning hududida boʻlishining imkoni boʻlmasa yoki ishtirokchi Davlatning hududida boʻlishi maqsadga muvofiq boʻlmasa, guvohlik yoki koʻrsatma berilishini, imkoniyat darajasida va ichki qonunchilikning eng muhim prinsiplariga muvofiq holda, birinchi ishtirokchi Davlat boshqa ishtirokchi Davlatning iltimosiga koʻra video aloqa yordamida amalga oshirishi mumkin. Ishtirokchi Davlatlar guvohlik va koʻrsatmalar berilishini soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatning sud organlari soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatning sud organlari ishtirokida oʻtkazishi toʻgʻrisida kelishib olishlari mumkin.
19. Soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat tomonidan taqdim etilgan maʼlumot va isbot-dalillardan, soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatning avvaldan bergan roziligisiz, murojaatnomada koʻrsatilgan tergov ishlari yoki sud muhokamasidan boshqa tergov ishlari yoki sud muhokamasida foydalanmaydi. Mazkur banddagi hech qanday holat soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat tomonidan uning hududida oʻtayotgan tergov va tekshiruv ishlari jarayonida ayblanuvchini oqlovchi maʼlumotlar yoki isbot-dalillarni aniqlanishiga toʻsqinlik qilmaydi. Bunday holatlarda, soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat, maʼlumotlar yoki isbot-dalillarni aniqlashdan avval, soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatni bu haqda xabardor qiladi va agar, maslahatlashish toʻgʻrisida iltimos qilingan boʻlsa, soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat bilan maslahatlar oʻtkazadi. Agar, istisno qilingan holatlarda, avvaldan xabar berishning imkoni boʻlmasa, u holda soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat bu kabi oqlovchi maʼlumotlar yoki isbot-dalillar aniqlanganligi haqida zudlik bilan soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatga xabar beradi.
20. Soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat, murojaatning bajarilishi uchun zarur boʻlgan narsalarni istisno qilganda, uning mavjudligi va uning mohiyati oshkora qilinmasligini soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatdan talab qilishi mumkin. Agar soʻrov berilayotgan Davlat oshkor qilinmaslik toʻgʻrisidagi talabni bajara olmaydigan boʻlsa, u holda soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatni darhol bu toʻgʻrisida xabardor qiladi.
21. Oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatilishiga quyidagi holatlarda rad etilishi mumkin:
a) agar murojaat mazkur moddaning holatlariga muvofiq boʻlmagan tarzda berilsa;
b) agar soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat murojaatning bajarilishi uning suvereniteti, xavfsizligi, ommaviy tartibiga yoki boshqa hayotiy muhim manfaatlariga zarar yetkazadi deb hisoblasa;
s) agar soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatning ichki qonunchiligi istalgan bu kabi jinoyatga nisbatan, agar bunday jinoyat uning sud qilish huquqlari chegarasida olib boriladigan tekshiruv, tergov ishlari yoki sud muhokamasining predmeti hisoblanib, soʻralayotgan choralarni amalga oshirishni taqiqlaydigan boʻlsa;
d) agar murojaatning bajarilishi soʻrov berilayotgan Davlatning huquqiy tizimidagi oʻzaro huquqiy yordam masalalariga taalluqli qismiga zid boʻlsa.
22. Ishtirokchi Davlatlar oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisidagi murojaatni, faqat, jinoyat, shuningdek soliq masalalari bilan bogʻliq deb hisoblangani sababli rad etishlari mumkin emas.
23. Oʻzaro huquqiy yordam taqdim etilishiga nisbatan bildirilgan rad javoblarining barchasi asoslanib berilishi lozim.
24. Soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatilishi haqidagi murojaatni imkon qadar qisqa muddatlarda bajaradi va soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat tomonidan taklif qilinayotgan va, birinchi navbatda, murojaatning oʻzida asoslanib berilgan istalgan eng qisqa muddatlarni imkon boricha toʻliq hisobga oladi. Soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat tomonidan uning iltimosini qondirish uchun koʻrilayotgan choralar maqomi va iltimosning bajarilishi boʻyicha maʼlumotlar taqdim etilishi toʻgʻrisidagi oqilona soʻrovlar bilan murojaat qilishi mumkin. Soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat soʻralgan yordam zarurati qolmaganligi toʻgʻrisida tezkor ravishda soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlatni xabardor qiladi.
25. Oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatilishi, amalga oshirilayotgan tekshiruv, jinoiy tergov ishlari yoki sud muhokamasiga toʻsqinlik qilishi mumkinligi bilan asoslangan holda, soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat tomonidan kechiktirilishi mumkin.
26. Mazkur moddaning 21-bandiga asosan iltimosga rad javobini berishdan yoki mazkur moddaning 25-bandiga asosan iltimos bajarilishini kechiktirishdan avval soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat tomonidan zarur deb topilgan shart va muddatlarda yordam koʻrsatilishi mumkinligini aniqlash maqsadida soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat bilan maslahatlashadi. Agar soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat bu kabi shartlarda yordam koʻrsatilishiga rozi boʻlsa, u holda bu shartlarga rioya qiladi.
27. Soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatning iltimosiga koʻra ushbu davlatning hududida oʻtkazilayotgan tergov ishlarini amalga oshirishda yoki sud muhokamasida koʻrsatmalar berishga rozilik bergan guvoh, ekspert yoki boshqa shaxsning, mazkur moddaning 12-bandi qoʻllanilishiga zarar yetkazmagan holda, uni topshirgan davlat hududidan ketishidan avvalgi vaqt oraligʻiga taalluqli boʻlgan harakatlar, bajarilmagan harakatlar yoki hukm chiqarilishi bilan bogʻliq boʻlgan taʼqib qilinishiga, qamoqqa olinishiga, jazolanishiga yoki shaxsiy ozodligining boshqa cheklanishlariga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar guvoh, ekspert yoki boshqa shaxs, uning ushbu hududda boʻlishi sud organlariga talab qilinmasligi haqida rasmiy ravishda xabardor qilingan kundan boshlab ketma-ket oʻn besh kun davomida yoki ishtirokchi Davlatlar oʻzaro kelishib olgan muddat davomida soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat hududidan chiqib ketish imkoniyatiga ega boʻlsada, lekin oʻz ixtiyori bilan ushbu hududda qolsa yoki oʻzining xohishiga koʻra yana qaytib kelsa, u holda bunday shaxsiy xavfsizlik kafolatining amal qilishi tugaydi.
28. Murojaatni bajarish bilan bogʻliq odatdagi xarajatlar, agar manfaatdor ishtirokchi Davlatlar boshqa shartlar toʻgʻrisida kelishib olmagan boʻlsalar, soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlat tomonidan qoplanadilar. Agar murojaatning bajarilishi jiddiy va favqulodda xarajatlarni talab qiladigan boʻlsa, ishtirokchi Davlatlar murojaat qaysi shartlarda bajarilishi, shuningdek, xarajatlarni qoplash tartibi xususida maslahatlashib oladilar.
29. Soʻrov berilayotgan ishtirokchi Davlat:
a) soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatga oʻzida mavjud boʻlgan va ichki qonunchiligiga muvofiq ommaviy tarzda foydalanishga ruxsat berilgan hukumat tomonidan chiqarilgan materiallar, hujjatlar yoki maʼlumotlarning nusxalarini taqdim etadi;
b) oʻzi lozim topgan hollarda soʻrov berayotgan ishtirokchi Davlatga, oʻzi tegishli deb topgan shartlarga rioya qilish shartida oʻzida mavjud boʻlgan va ichki qonunchiligiga muvofiq ommaviy tarzda foydalanishga ruxsat etilmagan hukumat tomonidan chiqarilgan materiallar, hujjatlar yoki maʼlumotlarning nusxalarini toʻliq yoki qisman taqdim etadi.
30. Ishtirokchi Davlatlar, zarurat tugʻilishiga qarab, ushbu modda maqsadlariga javob beruvchi, uning amal qilishini taʼminlovchi yoki tutgan oʻrnini mustahkamlovchi ikki tomonlama yoki koʻp tomonlama kelishuvlar tuzish imkoniyatini koʻrib chiqadilar.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 46-modda. Oʻzaro huquqiy yordam Korrupsiyaga qarshi. neolex.uz/uz/laws/law-1461327/46 (lex.uz/docs/-1461329)