Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqat yuridik shaxs shaklida tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyatning ayrim turlari roʻyxatiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni toʻldirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 26-yanvardagi PQ-1047-son qarori) (58-son)
07.03.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni toʻldirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 26-yanvardagi PQ-1047-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 5-noyabrdagi 380-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 11-son, 66-modda) bilan tasdiqlangan Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faqat yuridik shaxs shaklida tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan faoliyatning ayrim turlari roʻyxatiga 2009-yil 1-iyuldan boshlab quyidagi mazmundagi 17 va 18-bandlar qoʻshilsin:
“17. Goʻshtli yarimfabrikatlarni sanoat yoʻli bilan qayta ishlash va ishlab chiqarish, shuningdek kolbasa mahsulotlari, goʻsht va baliq konservalarini sanoat yoʻli bilan ishlab chiqarish.
18. Xom sutni sanoat yoʻli bilan qayta ishlash va sut mahsulotlari (pasterizatsiya qilingan sut, slivka, qaymoq, tvorog, qatiq mahsulotlari), shu jumladan pishloq, brinza, mol yogʻi, bolalar quruq sut mahsulotlari, sutli bolalar taomlari, quruq sut, muzqaymoq va quyiltirilgan sut ishlab chiqarish”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 7-mart,
58-son
