9-modda. Mehnat sohasidagi davlat boshqaruvi. Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini tekshirish va nazorat qilish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnat sohasidagi davlat boshqaruvini Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning hududiy organlari amalga oshiradi.
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirish va nazorat qilishni quyidagilar amalga oshiradi:
1) shunga maxsus vakil qilingan davlat organlari va ularning inspeksiyalari;
2) kasaba uyushmalari.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini tekshirishni qonunda belgilangan tartibda amalga oshiradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat toʻgʻrisidagi qonunlarning aniq va bir xil ijro etilishi ustidan nazorat olib borish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi.
