61-modda. Maqbul keladigan ish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Birinchi marta ish qidirayotgan, kasbi (mutaxassisligi) boʻlmagan shaxslar uchun dastlabki kasb tayyorgarligini talab qilmaydigan ish, bunday ishni topib berish imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa, ularning yoshi va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda haq toʻlanadigan boshqa ish, shu jumladan vaqtinchalik ish maqbul keladigan ish deb hisoblanadi.
Ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan shaxslar uchun ularning kasb tayyorgarligiga mos boʻlgan, yoshini, sogʻligʻi holatini, mehnat stajini va avvalgi mutaxassisligi boʻyicha tajribasini, yangi ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini inobatga oluvchi ish maqbul keladigan ish deb hisoblanadi.
Ushbu Kodeks 65-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan ishsizlik nafaqasini olish davri tugaganidan soʻng kasbi (mutaxassisligi) boʻyicha ish topib berish mumkin boʻlmagan taqdirda, ishsiz shaxsning qobiliyatini, uning sogʻligʻi holatini, oldingi ish tajribasini va uning uchun qulay boʻlgan oʻqitish vositalarini inobatga olgan holda kasbini (mutaxassisligini) oʻzgartirishni talab qiladigan ish maqbul keladigan ish deb hisoblanishi mumkin.
