6-modda. Mehnatga oid munosabatlarda kamsitishning taqiqlanishi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Barcha fuqarolar mehnat huquqlariga ega boʻlish va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga egadir. Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, dinga boʻlgan munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador boʻlmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yoki imtiyozlar belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi va bular kamsitish deb hisoblanadi.
Mehnat sohasida mehnatning muayyan turiga xos boʻlgan talablar yoki davlatning yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan shaxslar (ayollar, voyaga yetmaganlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va boshqalar) toʻgʻrisidagi alohida gʻamxoʻrligi bilan bogʻliq farqlashlar kamsitish deb hisoblanmaydi.
Mehnat sohasida oʻzini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitishni bartaraf etish hamda oʻziga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararni toʻlash toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
