52-modda. Jamoa kelishuvlarining mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Jamoa kelishuvlarining mazmunini taraflar belgilaydilar.
Jamoa kelishuvlarida:
mehnatga haq toʻlash, mehnat shartlari va uni muhofaza qilish, mehnat va dam olish tartibi;
narxlarning oʻzgarib borishiga, inflatsiya darajasiga, kelishuvlarda belgilab qoʻyilgan koʻrsatkichlarning bajarilishiga qarab mehnatga haq toʻlashni tartibga solish mexanizmi;
eng kam miqdori qonunchilikda nazarda tutiladigan kompensatsiya tarzidagi qoʻshimcha toʻlovlar;
xodimlarning ishga joylashishiga, ularni qayta oʻqitishga koʻmaklashish;
ekologiya jihatidan xavfsizlikni taʼminlash hamda ishlab chiqarishda xodimlarning sogʻligʻini muhofaza qilish;
xodimlar hamda ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha maxsus tadbirlar;
davlat korxonalarini xususiylashtirish chogʻida xodimlarning manfaatlariga rioya qilish;
nogironligi boʻlgan shaxslar va yoshlar (shu jumladan oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar) mehnatidan foydalanish maqsadida ular uchun qoʻshimcha ish joylari tashkil etuvchi korxonalarga beriladigan imtiyozlar;
ijtimoiy sheriklik hamda uch taraflama hamkorlikni rivojlantirish, jamoa shartnomalarini tuzishga koʻmaklashish, mehnat nizolarining oldini olish, mehnat intizomini mustahkamlash toʻgʻrisidagi qoidalar nazarda tutilishi mumkin.
Jamoa kelishuvlarida boshqa mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha qonunchilikka zid kelmaydigan qoidalar ham boʻlishi mumkin.
