37-modda. Jamoa shartnomasining mazmuni va tuzilishi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Jamoa shartnomasining mazmuni va tuzilishini taraflar belgilaydi.
Jamoa shartnomasiga ish beruvchi va xodimlarning quyidagi masalalar boʻyicha oʻzaro majburiyatlari kiritilishi mumkin:
mehnatga haq toʻlash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensatsiyalar, qoʻshimcha toʻlovlar;
narxlarning oʻzgarib borishi, inflatsiya darajasi, jamoa shartnomasi bilan belgilangan koʻrsatkichlarning bajarilishiga qarab mehnatga haq toʻlashni tartibga solish mexanizmi;
xodimlarni ish bilan taʼminlash, qayta oʻqitish, ishdan boʻshatib olish shartlari;
ish vaqti va dam olish vaqti, mehnat taʼtillarining muddatlari;
xodimlarning, shu jumladan ayollar va oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarning mehnat sharoitlari va mehnat muhofazasini yaxshilash, ekologiya jihatidan xavfsizlikni taʼminlash;
korxonani va idoraga qarashli turar joyni xususiylashtirish vaqtida xodimlarning manfaatlariga rioya qilish;
ishni taʼlim bilan qoʻshib olib boruvchi xodimlar uchun imtiyozlar;
ixtiyoriy va majburiy tarzdagi tibbiy hamda ijtimoiy sugʻurta;
ish beruvchi tomonidan oʻz xodimlarining shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga qoʻshimcha badallar kiritish miqdorlari va muddatlari;
jamoa shartnomasining bajarilishini tekshirib borish, taraflarning javobgarligi, ijtimoiy sheriklik, kasaba uyushmalari, xodimlarning boshqa vakillik organlariga faoliyat koʻrsatish uchun tegishli sharoit yaratib berish.
Jamoa shartnomasida korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda boshqa shartlar, shu jumladan qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan normalar va qoidalarda koʻrsatilganiga qaraganda imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qoʻshimcha taʼtillar, pensiyalarga tayinlanadigan ustamalar, muddatdan ilgari pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlari uchun kompensatsiyalar, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning bolalarini maktabda va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tekin yoki qisman haq toʻlanadigan tarzda ovqatlantirish, boshqa qoʻshimcha imtiyoz va kompensatsiyalar) ham kiritilishi mumkin.
Basharti amaldagi qonun hujjatlarida normativ tusdagi qoidalar jamoa shartnomasida albatta mustahkamlab qoʻyilishi shart deb bevosita koʻrsatma berilgan boʻlsa, bunday qoidalar jamoa shartnomasiga kiritiladi.
