32-modda. Muzokaralar olib borish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Muzokaralar olib borish va jamoa shartnomasi, kelishuvining loyihasini tayyorlash uchun taraflar teng huquqlilik asosida tegishli vakolatlarga ega boʻlgan vakillardan iborat komissiya tuzadilar.
Komissiyaning tarkibi, muzokaralarning muddati, oʻtkaziladigan joyi va kun tartibi taraflar qarori bilan belgilanadi.
Muzokaralarda ishtirok etayotgan taraflarga jamoa shartnomasi, kelishuvining mazmunini tashkil etuvchi masalalarni tanlash va muhokama qilishda toʻla erkinlik beriladi.
Ish beruvchilar va ularning birlashmalari, ijro etuvchi hokimiyat organlari kasaba uyushmalariga, xodimlarning boshqa vakillik organlariga muzokaralar uchun oʻzlaridagi zarur maʼlumotlarni berishlari shart. Muzokaralarning qatnashchilari, muzokara olib borish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa shaxslar, basharti oʻzlari olgan maʼlumotlar davlat yoki tijorat siri boʻlsa, ularni oshkor qilmasliklari kerak. Bu maʼlumotlarni oshkor qilgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Agar muzokaralar jarayonida taraflar oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra murosaga kela olmagan boʻlsalar, bayonnoma tuzilib, unga taraflarning bu sabablarni bartaraf etish uchun zarur choralar haqidagi tugal ravishda bayon etilgan, shuningdek muzokaralarni qayta tiklash muddatiga doir takliflari kiritiladi.
