281-modda. Jamoalarga doir mehnat nizolarini (ziddiyatlarini) koʻrib chiqish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Jamoalarga doir mehnat nizolari (ziddiyatlari) — bu ish beruvchi (ish beruvchilar birlashmasi) va xodimlar jamoalari (xodimlarning vakillik organlari) oʻrtasida mehnatning yangi shartlarini belgilash va mavjud shartlarini oʻzgartirish, jamoa shartnomalari va kelishuvlarini tuzish, oʻzgartirish va bajarish yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklardir.
Mehnatning yangi shartlarini belgilash yoki mavjud shartlarini oʻzgartirish xususidagi jamoalarga doir mehnat nizolarini hal etish tartibi qonun bilan belgilab qoʻyiladi.
Mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlarni, shu jumladan ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi oʻrtasidagi kelishuvga binoan qabul qilingan jamoa shartnomalari, kelishuvlari, lokal hujjatlarni qoʻllanish xususidagi jamoalarga doir mehnat nizolari sud tartibida koʻrib chiqilishi lozim. Ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi oʻrtasidagi kelishuvga binoan qabul qilingan jamoa shartnomalari, kelishuvlari va boshqa lokal hujjatlarni qoʻllanish xususidagi jamoalarga doir mehnat nizolarini sudlar taraflardan birining arizasi asosida koʻrib chiqadilar.
Ushbu moddaning uchinchi qismida aytib oʻtilgan ishlarni sudlarda koʻrib chiqish hamda sudlarning qarorlarini ijro etish vaqtida ushbu Kodeksda yakka mehnat nizolari uchun belgilangan tegishli qoidalar va muddatlar qoʻllaniladi.
