269-modda. Bevosita tuman (shahar) sudlarida koʻrilishi lozim boʻlgan mehnat nizolari
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnat nizolari quyidagi hollarda bevosita tuman (shahar) sudlarida koʻrib chiqiladi:
1) agar xodimning ish joyida mehnat nizolari komissiyasi tuzilmagan boʻlsa;
2) ular mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qatʼi nazar, ishga tiklash toʻgʻrisida, mehnat shartnomasini bekor qilish vaqti va asoslari taʼrifini oʻzgartirish toʻgʻrisida, majburiy progul yoki kam haq toʻlanadigan ishni bajargan vaqt uchun haq toʻlashga doir boʻlsa;
3) ular xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning toʻlanishi haqida boʻlsa;
4) ular mehnat vazifalarini bajarayotganda xodimning sogʻligʻiga shikast yetkazilgani oqibatidagi zararni (shu jumladan maʼnaviy zararni) yoki uning mol-mulkiga yetkazilgan zararni ish beruvchi tomonidan toʻlanishi haqida boʻlsa;
5) ular ushbu Kodeks 78-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ishga qabul qilish rad etilganligi haqida boʻlsa;
6) ular ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan oldindan kelishib hal etilgan masalalar yuzasidan kelib chiqqan boʻlsa.
Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan mehnat nizolaridan boshqa nizolar ham xodimning xohishiga koʻra bevosita tuman (shahar) sudlarida koʻriladi.
Mansabdor shaxslar tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararni toʻlash toʻgʻrisidagi mehnat nizolari, agar mansabdor shaxs yetkazgan zarar iqtisodiy nizoni koʻrib chiqish paytida aniqlangan boʻlsa, iqtisodiy sudlar tomonidan ham koʻrib chiqiladi.
Mehnat nizosi mehnat nizolari komissiyasida koʻrilmagan degan vaj bilan xodimning arizasini koʻrib chiqishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
