262-modda. Mehnat nizolari komissiyalarini tuzish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi oʻrtasidagi kelishuvda mehnat nizolari komissiyalarini tuzish nazarda tutilishi mumkin.
Mehnat nizolari komissiyalari ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi tomonidan tenglik asosida tuziladi.
Komissiyaga kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organidan ajratilgan aʼzolar tegishli organning qarori bilan, ish beruvchining vakili esa, uning buyrugʻi bilan tasdiqlanadilar.
Mehnat nizolari komissiyalarining son tarkibi va vakolat muddati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlar boshqa vakillik organining kelishuviga binoan belgilanadi.
