23-modda. Xodimlar vakillik organlarining huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Xodimlarning vakillik organlari quyidagilarga haqlidir:
muzokaralar olib borish, jamoa shartnomalari va kelishuvlari tuzish, ularning bajarilishini tekshirib turish, ish beruvchiga korxonada mehnat toʻgʻrisida normativ hujjatlar tayyorlash yuzasidan takliflar kiritish;
korxonani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir masalalarni koʻrib chiqishda qatnashish;
mehnat nizolarini koʻruvchi organlarda xodimlar manfaatini himoya qilish;
ish beruvchi hamda u vakil qilgan shaxslarning qarorlari mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari yoki boshqa normativ hujjatlarga zid boʻlsa yoxud xodimlarning huquqlarini boshqacha tarzda buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish.
Vakillik organlari ijtimoiy-mehnat munosabatlarida xodimlarning manfaatlarini himoya etishga qaratilgan boshqa xatti-harakatlar ham, basharti bu xatti-harakatlar qonunchilikka zid boʻlmasa, qilishlari mumkin.
Xodimlarning vakillik organlari huquqlarining amalga oshirilishi korxonada mehnat samaradorligini pasaytirmasligi, oʻrnatilgan tartib va ish rejimini buzmasligi kerak.
