218-modda. Sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazishga muhtoj xodimlarni ish beruvchi, ularning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamay, ana shunday ishlarga oʻtkazishi shart.
Sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan kamroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilganda shunday ishga oʻtkazilgan kunidan boshlab ikki hafta mobaynida xodimlarning avvalgi oʻrtacha oylik ish haqi saqlanadi.
Sil kasalligi yoki kasb kasalligiga chalinganligi sababli kamroq haq toʻlanadigan boshqa ishga vaqtincha oʻtkazilgan xodimlarga shu ishga oʻtgan vaqt uchun, lekin ikki oydan ortiq boʻlmagan muddat davomida kasallik varaqasi boʻyicha yangi ishda beriladigan ish haqiga qoʻshilganda xodimning avvalgi ishidagi toʻliq ish haqidan oshib ketmaydigan miqdorda nafaqa toʻlanadi. Basharti kasallik varaqasida koʻrsatilgan muddatda ish beruvchi boshqa ish topib berolmagan boʻlsa, u holda shuning oqibatida bekor oʻtgan kunlar uchun nafaqa umumiy asoslarda toʻlanadi.
Ish bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlganligi yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilganligi munosabati bilan vaqtincha kamroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilgan xodimlarga ularning sogʻligʻi shikastlanganligi uchun javobgar boʻlgan ish beruvchi avvalgi ish haqi bilan yangi ishda oladigan ish haqi oʻrtasidagi farqni toʻlaydi. Bunday farq mehnat qobiliyati tiklangunga qadar yoki nogironligi belgilangunga qadar toʻlanadi.
Qonunchilikda sogʻligʻi holatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsirini xoli etadigan kamroq haq toʻlanadigan ishga oʻtkazilganda avvalgi oʻrtacha oylik ish haqini saqlab qolishning yoki davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlab turishning boshqacha hollari ham nazarda tutilishi mumkin.
