214-modda. Tibbiy koʻrik
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chogʻida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan quyidagi xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilishi shart:
oʻn sakkiz yoshga toʻlmaganlar;
oltmish yoshga toʻlgan erkaklar, ellik besh yoshga toʻlgan ayollar;
nogironligi boʻlgan shaxslar;
mehnat sharoiti noqulay ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek transport harakati bilan bogʻliq ishlarda band boʻlganlar;
oziq-ovqat sanoatida, savdo va bevosita aholiga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tarmoqlardagi ishlarda band boʻlganlar;
umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va boshqa muassasalarning bevosita bolalarga taʼlim yoki tarbiya berish bilan mashgʻul boʻlgan pedagog va boshqa xodimlari.
Mehnat sharoiti noqulay ishlar va bajarilayotganida dastlabki tarzda va vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtilishi lozim boʻlgan boshqa ishlarning roʻyxati va ularni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan xodimlar tibbiy koʻriklardan oʻtishdan boʻyin tovlashga haqli emaslar. Tibbiy koʻrikdan oʻtishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan boʻyin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qoʻymaslikka haqlidir.
Xodimlarning mehnatidan ularning sogʻligʻi holatiga toʻgʻri kelmaydigan ishlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar xodim oʻz sogʻligʻining holati mehnat sharoiti bilan bogʻliq holda yomonlashgan deb hisoblasa, u navbatdan tashqari tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni talab qilishga haqlidir.
Tibbiy koʻriklardan oʻtilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor boʻlmaydilar.
