21-modda. Xodimlarning korxonadagi vakilligi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Mehnatga oid munosabatlarda xodimlarning manfaatlarini ifoda etishda vakil boʻlish va bu manfaatlarni himoya qilishni korxonadagi kasaba uyushmalari va ularning saylab qoʻyiladigan organlari yoki xodimlar tomonidan saylanadigan boshqa organlar amalga oshirishi mumkin, bu organlarni saylash tartibini, ularning vakolatlari muddati va miqdor tarkibini mehnat jamoasining yigʻilishi (konferensiyasi) belgilaydi. Xodimlar vakillik qilishni hamda oʻz manfaatlarini himoya etishni ishonib topshiradigan organni oʻzlari belgilaydilar.
Barcha vakillik organlari oʻz vakolatlari doirasida ish olib boradi va xodimlar manfaatlarini himoya qilishda teng huquqlardan foydalanadi.
Korxonada boshqa vakillik organlarining ham boʻlishi kasaba uyushmalarining oʻz vazifalarini amalga oshirish borasidagi faoliyatiga toʻsqinlik qilmasligi lozim.
Xodimlar va ish beruvchilarning manfaatlarini bitta vakillik organi ifoda etishi va himoya qilishi mumkin emas.
Vakillik organlarining faoliyati ularni saylagan xodimlarning qaroriga binoan, shuningdek ular qonunchilikka zid xatti-harakatlar sodir etgan taqdirda esa — sud tomonidan ham tugatilishi mumkin.
