205-modda. Ish beruvchining mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdorini belgilash
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Ish beruvchiga yetkazilgan zarar miqdori haqiqiy yoʻqotishlar boʻyicha buxgalteriya hisobi maʼlumotlari asosida belgilanadi.
Ish beruvchining asosiy fondlarga (vositalarga) taalluqli mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdori moddiy qimmatliklarning balans qiymatidan (tannarxidan) eskirish qiymatini belgilangan normalar boʻyicha chegirib tashlagan holda hisoblab chiqariladi.
Ish beruvchining asosiy vositalarga taalluqli mol-mulki talon-toroj qilingan, kamomad boʻlgan, qasddan yoʻq qilingan yoki qasddan buzilgan taqdirda, shuningdek boshqa hollarda zarar miqdori vakolatli organ tomonidan ish koʻrilgan kuni shu joyda amalda boʻlgan bozor narxlari boʻyicha hisoblanadi.
Mol-mulkning va boshqa qimmatliklarning ayrim turlarini talon-toroj qilish, kamomad yoki yoʻq qilish bilan ish beruvchiga yetkazilgan zararning haqiqiy miqdori uning nominal miqdoridan oshib ketgan hollarda bunday zarar miqdorini aniqlashning, shu jumladan karralash yoʻli bilan hisoblab chiqishning alohida tartibi qonunchilikda belgilab qoʻyilishi mumkin.
