203-modda. Xodimning maxsus yozma shartnoma asosida unga ishonib topshirilgan qimmatliklarning saqlanishini taʼminlamaganligi uchun toʻliq moddiy javobgarligi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Bevosita pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilayotgan xodim maxsus yozma shartnoma asosida unga ishonib topshirilgan qimmatliklarning saqlanishini taʼminlamaganligi uchun toʻliq moddiy javobgar boʻladi. Pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qilish xizmat vazifasiga kirmaydigan xodim bilan toʻliq moddiy javobgarlik haqida tuzilgan shartnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Bevosita pul yoki tovar qimmatliklari bilan muomala qiluvchi oʻn sakkiz yoshga toʻlgan xodim bilan ishga qabul qilish paytida ham, keyinchalik ham mehnat shartnomasiga qoʻshimcha tarzda toʻliq moddiy javobgarlik haqida maxsus yozma shartnoma tuzilishi mumkin.
Toʻliq moddiy javobgarlik haqida shartnoma tuziladigan xodimlarning toifalari roʻyxati jamoa shartnomasida belgilab qoʻyiladi, agar u tuzilmagan boʻlsa, — ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi oʻrtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bevosita pul yoki tovar boyliklari bilan muomala qiluvchi xodimlar tomonidan ishlar birgalikda bajariladigan, jamoa (brigada) moddiy javobgarligi joriy etilishi mumkin boʻlgan boʻlinmalarning roʻyxati ham xuddi shunday tartibda belgilanadi.
Agar xodim talabgor boʻlayotgan ish (lavozim) toʻliq moddiy javobgarlik haqida shartnoma tuzishni talab qilsa, xodim esa bunday shartnoma tuzishga rozi boʻlmasa, ish beruvchi uni ishga qabul qilishni rad etishga haqlidir.
Yakka tartibdagi toʻliq yoki jamoaning (brigadaning) toʻliq moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi shartnomada mehnat shartnomasi taraflarining xodimga, jamoaga (brigadaga) ishonib topshirilgan qimmatliklarning saqlanishini taʼminlash boʻyicha vazifalari aniq koʻrsatiladi hamda ularning qoʻshimcha huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilab qoʻyiladi.
Yakka tartibdagi toʻliq moddiy javobgarlik haqidagi shartnomaga binoan qimmatliklar ularning saqlanishini taʼminlamaganligi uchun shaxsan javobgar boʻladigan aniq bir xodimga topshiriladi. Bunday shartnoma tuzgan xodim javobgarlikdan ozod boʻlish uchun oʻzining aybi yoʻqligini isbotlab berishi kerak.
Jamoa (brigada) moddiy javobgarligi haqidagi shartnomaga muvofiq qimmatliklar ularning saqlanishini taʼminlamaganligi uchun toʻliq moddiy javobgarlik yuklatiladigan, oldindan belgilangan shaxslar guruhiga (brigadaga) topshiriladi. Brigadaning ayrim aʼzosi javobgarlikdan ozod boʻlish uchun oʻzining aybi yoʻqligini isbotlab berishi lozim.
