197-modda. Xodimga yetkazilgan zararni undirishga doir ishlarni koʻrish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Zararni undirish haqidagi arizani ish beruvchiga jabrlanuvchi xodim, xodim vafot etgan taqdirda esa, — zarar toʻlovini olishga haqli boʻlgan manfaatdor shaxslar beradi.
Ish beruvchi arizani koʻrib chiqishi va ariza tushgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat ichida tegishli qaror qabul qilishi shart.
Ish beruvchining xodimga zararni toʻlash haqidagi buyrugʻining nusxasi yoki rad etish haqidagi dalil-asosli yozma javobi u qabul qilingan kundan boshlab uch kunlik muddat ichida xodim yoki manfaatdor shaxslarga topshiriladi.
Xodim yoki manfaatdor shaxslar ish beruvchining qaroriga rozi boʻlmagan yoki belgilangan muddatda javob olmagan taqdirda, ular mazkur nizoni hal qilib berish uchun sudga murojaat qilishlari mumkin.
