182-modda. Intizomiy jazolarni qoʻllanish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Intizomiy jazolar ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qoʻllaniladi (82-modda).
Intizomiy jazo qoʻllanilishidan avval xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi uning ilgari sodir qilgan nojoʻya xatti-harakati uchun jazo qoʻllashga toʻsiq boʻla olmaydi.
Intizomiy jazoni qoʻllanishda sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatning qay darajada ogʻir ekanligi, shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi.
Har bir nojoʻya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qoʻllanishi mumkin.
Intizomiy jazo bevosita nojoʻya xatti-harakat aniqlangandan keyin, ammo bu xatti-harakat aniqlangandan boshlab, xodimning kasal yoki taʼtilda boʻlgan vaqtini hisobga olmasdan, uzogʻi bilan bir oy ichida qoʻllaniladi.
Nojoʻya xatti-harakat sodir etilgan kundan boshlab olti oy oʻtganidan, moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish etish yoki tekshirish natijasida aniqlanganda esa, — sodir etilgan kundan boshlab ikki yil oʻtganidan keyin jazoni qoʻllab boʻlmaydi. Jinoiy ish boʻyicha ish yuritilgan davr bu muddatga kirmaydi.
Intizomiy jazo berilgani toʻgʻrisidagi buyruq (farmoyish) yoki qaror xodimga maʼlum qilinib, tilxat olinadi.
