180-modda. Mehnat uchun ragʻbatlantirish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin. Ragʻbatlantirish turlari, ularni qoʻllanish tartibi, afzallik va imtiyozlar berish jamoa shartnomalari, ichki mehnat tartibi qoidalari va boshqa lokal hujjatlarda, jamoa kelishuvlarida, intizom toʻgʻrisidagi ustav va nizomlarda belgilab qoʻyiladi.
Xodimlar mehnat sohasida davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin.
Ish haqi, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar ragʻbatlantirish turlariga kirmaydi.
Intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida (183-modda) xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilmaydi.
