164-modda. Mehnat haqidan ushlab qolish
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Umumiy qoidaga koʻra, xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik boʻlmagan taqdirda esa, — sudning qaroriga asosan mehnat haqidan ushlab qolinishi mumkin.
Quyidagi hollarda xodimning roziligidan qatʼi nazar, mehnat haqidan ushlab qolinadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirish uchun;
2) sudning qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun;
3) ish haqi hisobiga berilgan avansni ushlab qolish uchun, xoʻjalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga yoki boshqa joydagi ishga oʻtganligi munosabati bilan berilgan boʻlib, sarf qilinmay qolgan va oʻz vaqtida qaytarilmagan avansni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar natijasida ortiqcha toʻlangan summani qaytarib olish uchun. Bunday hollarda ish beruvchi avansni qaytarish yoki qarzni toʻlash uchun belgilangan muddat tamom boʻlgan kundan yoxud haq toʻlash notoʻgʻri hisoblab chiqarilgan kundan boshlab bir oydan kechiktirmasdan avans yoki qarzni ushlab qolish haqida farmoyish berishga haqlidir. Agar bu muddat oʻtib ketgan boʻlsa yoki xodim xoʻjalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga yoxud boshqa joydagi ishga oʻtganligi munosabati bilan berilgan avansning ushlab qolinishini asossiz yoki miqdorini notoʻgʻri deb hisoblasa, u holda qarz sud tartibida undiriladi;
4) hisobidan xodim taʼtil olib boʻlgan ish yili tugamasdan turib mehnat shartnomasi bekor qilinganda, — taʼtilning ishlanmagan davrga tegishli kunlari uchun. Ana shu kunlar uchun haq mehnat shartnomasi ushbu Kodeks 89-moddasining toʻrtinchi qismida, 100-moddasi ikkinchi qismining 1 va 2-bandlari, 106-moddasining 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan asoslarga koʻra, shuningdek oʻqishga kirganligi yoki pensiyaga chiqqanligi munosabati bilan bekor qilinganda ushlab qolinmaydi;
5) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning oʻrtacha oylik ish haqidan ortiq boʻlmasa;
6) ushbu Kodeksning 181-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan jarimani undirish uchun.
Ish haqini har gal toʻlash vaqtida ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimga tegishli boʻlgan mehnat haqining ellik foizidan ortib ketmasligi lozim.
Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan cheklov aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo tayinlangan xodimning ish haqidan ushlab qolishga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunday hollarda jazo va aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlik uchun ushlab qolinadigan haqning miqdori yetmish foizdan ortib ketmasligi lozim.
