130-modda. Dam olish kunlarida ishga jalb etishning cheklanishi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi boʻyicha ayrim xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan boʻlsa, — ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar boʻyicha va tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Xodimlarni ular dam oladigan kunlari ishga jalb etish ushbu Kodeksning 220-moddasi beshinchi qismida va 228, 245-moddalarida belgilangan cheklashlarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Dam olish kunlarida bajarilgan ish uchun kompensatsiya va haq toʻlash ushbu Kodeksning 157-moddasiga binoan amalga oshiriladi.
