112-modda. Mehnat shartnomasini gʻayriqonuniy ravishda bekor qilganlik yoki xodimni gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazganlik uchun ish beruvchining javobgarligi
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Ishga tiklanganda ish beruvchiga xodimga yetkazilgan zararni qoplash majburiyati yuklatiladi.
Zararni qoplash:
majburiy progul vaqti uchun haq toʻlash shartligidan (275-modda);
mehnat shartnomasi bekor qilinganligi yoki xodim boshqa ishga oʻtkazilganligi ustidan shikoyat qilish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar (mutaxassislardan maslahat olish, ish yuritish uchun ketgan xarajatlar va boshqalar) uchun kompensatsiya toʻlashdan;
maʼnaviy zarar uchun kompensatsiya toʻlashdan iboratdir. Maʼnaviy zarar uchun toʻlanadigan kompensatsiyaning miqdori ish beruvchining xatti-harakatiga berilgan bahoni hisobga olib, sud tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning oylik ish haqidan kam boʻlishi mumkin emas.
Xodimning iltimosiga koʻra sud ishga tiklash oʻrniga uning foydasiga (ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgandan tashqari) kamida uch oylik ish haqi miqdorida qoʻshimcha haq undirib berishi mumkin.
Mehnat shartnomasini gʻayriqonuniy ravishda bekor qilishda yoki xodimni gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar xodimga ish haqi toʻlanishi munosabati bilan ish beruvchiga yetkazilgan zarar uchun ushbu Kodeksning 274-moddasida nazarda tutilgan tartibda moddiy javobgar boʻladilar.
