104-modda. Muddatli mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda neustoyka toʻlash
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Muddatli mehnat shartnomasida uni muddatidan oldin bekor qilganlik uchun taraflarning neustoyka toʻlashi haqidagi oʻzaro majburiyatlari nazarda tutilishi mumkin, bunga koʻra, agar mehnatga oid munosabatlar xodimning aybli xatti-harakatlari bilan bogʻliq boʻlmagan asoslar boʻyicha (100-modda ikkinchi qismining 1, 2, 5, 6 va 7-bandlari) ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilingan boʻlsa, ish beruvchi xodimga neustoyka toʻlaydi, agar mehnatga oid munosabatlar xodimning tashabbusi bilan (99-modda), shuningdek xodimning aybli xatti-harakatlari bilan (100-modda ikkinchi qismining 3 va 4-bandlari) bogʻliq asoslar boʻyicha bekor qilingan boʻlsa, xodim ish beruvchiga neustoyka toʻlaydi. Agar mehnat shartnomasida neustoykaning miqdori belgilab qoʻyilmagan boʻlsa, taraflar uni toʻlashdan ozod etiladilar.
Neustoykaning miqdori ish beruvchi tomonidan xodimning manfaatlarini koʻzlab qilingan xarajatlarga, xodim ishlagan davr va boshqa holatlarga bogʻliq tarzda tafovut qilishi mumkin.
Xodim toʻlaydigan neustoyka miqdori ish beruvchi toʻlaydigan neustoyka miqdoridan oshib ketishi mumkin emas.
Agar mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 99-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda xodim tashabbusi bilan bekor qilingan boʻlsa, u neustoyka toʻlashdan ozod etiladi.
Taraflardan biri neustoyka toʻlashdan bosh tortsa, uni undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
