1-modda. Mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi · Sana: 21.12.1995 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida mehnatga oid munosabatlar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, jamoa kelishuvlari, shuningdek jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.*
* Bundan buyon matnda “mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar” deb yuritiladi.
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeks, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Oliy Majlis qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlari va Joʻqorgʻi Kenges qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Hukumatining qarorlari, davlat hokimiyatining boshqa vakillik va ijroiya organlari oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlardan iboratdir.
Mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda*, shuningdek ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt)** boʻyicha ishlayotgan jismoniy shaxslarning mehnatga oid munosabatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
* Bundan buyon matnda “korxonalar” deb yuritiladi.
** Bundan buyon matnda “mehnat shartnomasi” deb yuritiladi.
