Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti haqida (504-I-son)
27.06.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotini tinglab va muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qayd etadiki, 2007-yilda yuritilgan qatʼiy pul-kredit siyosati, shuningdek bank tizimini yanada isloh etish va erkinlashtirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar inflatsiyani jilovlab turishga hamda moliya bozorini jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirishga yordam berdi.
Hisobot davrida iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlarini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlash, inflatsiyaning belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar darajasida boʻlishini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23 va 28-moddalariga muvofiq pul-kredit siyosatini boshqarib borishning bozor vositalaridan keng foydalanildi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar monetar koʻrsatkichlar belgilangan maqsadli parametrlar darajasida boʻlishini taʼminlash va monetar omillarning inflatsiya darajasiga taʼsirini bartaraf etish imkonini berdi.
Yuqorida aytilgan Qonunning 40-moddasiga muvofiq samarali valyuta siyosati yuritilganligi tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 17,2 foizni tashkil etishiga hamda mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 1,5 barobar koʻpayishiga olib keldi.
Aholining va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank tizimiga boʻlgan ishonchini yanada oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilganligi bank kassalariga tushayotgan naqd pullar hajmi 46 foiz va aholining banklardagi omonatlari 47 foiz koʻpayishiga olib keldi.
Bank tizimida islohotlarni yanada chuqurlashtirishning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari bilan belgilab berilgan eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish jarayonida salmoqli natijalarga erishildi.
Xususan, 2007-yilda tijorat banklarining ustav kapitali qariyb ikki barobar oshdi, ularning umumiy kapitali esa 2006-yilga nisbatan 40 foizdan ham ziyodroq koʻpaydi va 1,5 trillion soʻm darajasiga yetdi.
Banklarning aksiyadorlari soni 12,5 mingtaga koʻpaydi va joriy yilning boshlarida 200 mingtaga yetdi, jami aksiyadorlarning 68 foizini jismoniy shaxslar tashkil etib turibdi.
Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida beshta tijorat banki — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Respublika aksiyadorlik-tijorat sanoat-qurilish banki, “Paxta-bank”, “Gʻalla-bank” va “Hamkorbank” aksiyadorlik-tijorat banklari yetakchi xalqaro reyting kompaniyalarining kreditga layoqatlilik boʻyicha xalqaro reytingini oldi.
“Mudis” xalqaro reyting kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston bank tizimiga bir yoʻla uchta yoʻnalish: bank-moliya tizimining barqarorligi, milliy valyutadagi uzoq muddatli depozit reytingi va chet el valyutasidagi uzoq muddatli depozit reytingi boʻyicha “barqaror” reytingi berildi.
Banklar tarmogʻini kengaytirish, yangi mini-bank va filiallar ochish, shuningdek kredit uyushmalari hamda boshqa turdagi mikrokredit tashkilotlarini tashkil etish hisobiga bank tizimida raqobat muhiti doirasini kengaytirish uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Hisobot yilida xoʻjalik yurituvchi subyektlarni modernizatsiya qilishga, texnika va texnologiya bilan qayta jihozlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga qariyb ikki trillion soʻm yoʻnaltirildi hamda iqtisodiyotning real sektoriga milliy valyutada berilgan kreditlar hajmi 66 foiz koʻpaydi.
Kichik biznes subyektlarini va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun banklar tomonidan ajratilgan kreditlar hisobot yilida 36 foiz, shu jumladan mikrokreditlar 70 foiz koʻpaydi.
Iqtisodiy islohotlarning hozirgi bosqichi bank tizimi barqarorligini yanada mustahkamlash va kapitallashuv darajasini oshirish, pul muomalasini takomillashtirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish, banklar koʻrsatayotgan xizmatlar sohasini kengaytirish va sifatini yaxshilash, barcha yirik aksiyadorlik banklari tomonidan kreditga layoqatlilik boʻyicha xalqaro reyting olish tadbirlarini amalga oshirishni 2008-yilda ham davom ettirishni taqozo etadi.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga:
2008-yilga moʻljallangan maqsadli makroiqtisodiy koʻrsatkichlarni bajarishga qaratilgan qatʼiy pul-kredit siyosati yuritishni davom ettirish;
milliy valyuta barqarorligini taʼminlashga va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning eksportga yoʻnaltirilgan faoliyatini ragʻbatlantirish orqali iqtisodiy oʻsishning yuqori surʼatlarini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan valyuta siyosatini, shu jumladan almashuv kursi siyosatini yuritish;
bank tizimidagi islohotlar koʻlamlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirishning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari bilan belgilab berilgan kompleks tadbirlari bajarilishini taʼminlash;
tijorat banklari faoliyatini nazorat qilish jarayonida xalqaro nazorat va tartibga solish standartlarini qoʻllanish sohasini kengaytirish;
pul muomalasini takomillashtirish, xususan aholining naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada kengaytirish;
bank infratuzilmasini, mikromoliyaviy xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish va bank tizimida raqobatni kuchaytirish yuzasidan qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash topshirilsin.
3. “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq bank tizimi subyektlariga:
banklarning kapitallashuv darajasi yanada oshirilishini taʼminlash, aholining, tadbirkorlik subyektlari va chet ellik investorlarning mablagʻlarini banklarning ustav kapitaliga jalb qilish jarayonini yanada faollashtirish;
investitsiya jarayonlarida, ayniqsa korxonalarni modernizatsiya qilish, texnika va texnologiya bilan qayta qurollantirish loyihalarini moliyalashtirishda banklarning ishtirokini yanada kengaytirish tadbirlarini davom ettirish, kreditlardan foydalanish samaradorligini oshirish;
kreditga layoqatlilik boʻyicha xalqaro reytinglar olish, chet el kredit liniyalarini jalb qilish va ularni milliy iqtisodiyotning eng muhim ustuvor tarmoqlariga yoʻnaltirish ishlarini davom ettirish;
bank xizmatlarining yangi va ilgʻor turlarini joriy etish, ularning sifatini yaxshilash hamda bank muassasalari tarmogʻini kengaytirish yuzasidan moʻljallangan kompleks chora-tadbirlarni bajara borib, aholining va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank tizimiga boʻlgan ishonchi yanada mustahkamlanishini taʼminlash;
kichik biznes subyektlari va xususiy tadbirkorlarga, shu jumladan dehqon va fermer xoʻjaliklariga, tadbirkor ayollarga, yosh oilalarga koʻrsatilayotgan moliyaviy-vositachilik xizmatlari sohasini kengaytirish tavsiya etilsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 27-iyun,
504-I-son
