Tijorat banklarining kapitallashuv darajasini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki foydasi hisobidan yanada oshirish toʻgʻrisida (559-I-son)
19.11.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2008-yil 27-iyunda qabul qilingan 504-I-sonli Qarorining 3-bandiga binoan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tijorat banklarining kapitallashuv darajasini yanada oshirishga qaratilgan 2008-yil 13-avgustdagi PQ-944-sonli, 2008-yil 16-oktabrdagi PQ-986-sonli va 2008-yil 13-noyabrdagi PQ-998-sonli qarorlari, 2008-yil 10-noyabrdagi PF-4051-sonli Farmoni talablariga muvofiq 2008-yilda tijorat banklarining ustav kapitalini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ravishda 114,6 milliard soʻmga oshirish koʻzda tutilgan.
2008-yil uchun tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetida yuqorida qayd etilgan maqsadlarga, yaʼni tijorat banklarining ustav kapitalini investitsiyalash uchun mablagʻlar ajratish nazarda tutilmaganligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2009-yilda respublika budjetiga yoʻnaltirilishi lozim boʻlgan 2008-yilgi foydasining bir qismidan 2008-yilda foydalanish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligi tomonidan taklif kiritilgan.
Yuqorida bayon etilganlarga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2009-yilda respublika budjetiga yoʻnaltirilishi lozim boʻlgan 2008-yilgi foydasi hisobidan 2008-yilda:
Oʻzbekiston Respublikasi davlat-tijorat Xalq bankining kapitallashuvini 10,2 milliard soʻmga, Respublika aksiyadorlik-tijorat sanoat-qurilish bankining kapitallashuvini 35,0 milliard soʻmga va “Asaka” davlat-aksiyadorlik tijorat bankining kapitallashuvini 19,6 milliard soʻmga oshirishga maqsadli yoʻnaltirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga 64,8 milliard soʻm miqdorida;
Oʻzbekiston Respublikasi davlat-tijorat Xalq bankining kapitallashuvini oshirishga 9,8 milliard soʻm va Aksiyadorlik-tijorat “Mikrokreditbank”ning kapitallashuvini oshirishga 40,0 milliard soʻm miqdorida pul mablagʻlarini oʻtkazib berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 19-noyabr,
559-I-son
