Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2008-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisida (927-I-son)
25.11.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2008-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2008-yil toʻqqiz oyidagi ijrosi yakunlari toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Hisobot davrida Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,9 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotda tuzilmaviy oʻzgarishlar amalga oshirilishini, aniq maqsadga yoʻnaltirilgan pul-kredit siyosati oʻtkazilishini, soliq tushumi mexanizmi takomillashtirilishini, samarali investitsiya siyosati amalga oshirilishini, Davlat budjeti xarajatlari samaradorligi oshirilishi va uning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi kuchaytirilishini taʼminlasin, bunda Maktab taʼlimini rivojlantirishning 2004 — 2009-yillarga moʻljallangan davlat umummilliy dasturini va “Yoshlar yili” Davlat dasturini amalga oshirish davom ettirilishiga alohida eʼtibor qaratsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining eʼtibori budjet intizomiga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, budjetga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻliq tushishini, mintaqalarning moliyaviy salohiyatini kengaytirish yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrish va shu asosda mahalliy budjetlar xarajatlarini moliyalashtirishni taʼminlash zarurligiga qaratilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOSHMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 25-noyabr,
927-I-son
