Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (PF-4087-son)
27.02.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi soliq qonunchiligini takomillashtirishga oid qonun hujjatlari qabul qilinishi munosabati bilan:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Soliq kodeksining amalga oshirilishini har tomonlama monitoring va tahlil qilish maxsus idoralararo guruhi (R.S. Azimov) ikki oy muddatda hukumat qarorlari bilan avval berilgan soliq imtiyozlarini tartibga solish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-fevral,
PF-4087-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-fevraldagi PF-4087-son Farmoniga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 9-yanvardagi PF-3709-son Farmoni 5-bandining “b” kichik bandidagi “daromad (foyda)” soʻzlari “foyda” soʻzi bilan almashtirilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2006-yil 5-maydagi PF-3750-son Farmoni 8-bandining ikkinchi xatboshidagi “daromad (foyda)” soʻzlari “foyda” soʻzi bilan almashtirilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish Davlat dasturini amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 2007-yil 19-sentabrdagi PF-3923-son Farmonining 7-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. 2007-yilning 1-oktabridan aholiga pullik tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) tibbiyot muassasalari 5 yil muddatga barcha turdagi soliqlar va Respublika yoʻl jamgʻarmasi hamda Maktab taʼlimi jamgʻarmasiga oʻtkaziladigan majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etilsin, boʻshaydigan mablagʻlar tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlashga maqsadli ravishda yoʻnaltirilsin”.
