Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida (551-I-son)
30.09.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasi hamda “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, shuningdek fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari vakolat muddati 2008-yil noyabr-dekabr oylarida tugashi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari 2008-yil noyabr-dekabr oylarida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi tashkil etilishi hamda oʻtkazilishini taʼminlasin.
Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik koʻrish hamda saylovni oʻtkazish jarayoniga mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishdagi, “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” prinsipini amalga oshirishdagi rolini kuchaytirishga qaratilgan eng muhim ijtimoiy-siyosiy tadbir sifatida qaralsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga doir tadbirlar rejasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi (bundan buyon matnda Senat Kengashi komissiyasi deb yuritiladi) tarkibi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Senat Kengashi komissiyasining asosiy vazifalari deb belgilansin:
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik koʻrish hamda saylovni oʻtkazishni amaldagi qonun hujjatlariga, ochiq va oshkoralik demokratik prinsiplariga toʻla muvofiq holda tashkil etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari tomonidan tuziladigan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar faoliyatini samarali tarzda muvofiqlashtirib borish;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati, ularning sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya etish ishidagi tobora ortib borayotgan roli bilan, shuningdek fuqarolar yigʻinlari raislarini (oqsoqollarini) va ularning maslahatchilarini tashkilotchilik layoqatiga, hayotiy tajribaga hamda aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan shaxslar orasidan saylashga yoʻnaltirilgan saylov oʻtkazilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish va oʻtkazish markazda hamda joylarda qanday borayotganligi ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etish;
aholini koʻproq tashvishlantirib turgan, saylovga tayyorgarlik koʻrish va saylovni oʻtkazish asnosida fuqarolar tomonidan koʻtarilgan ijtimoiy, uy-joy va maishiy hamda boshqa sohadagi masalalarni aniqlash, ularni hal etishga qaratilgan kompleks dasturlar ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlash;
saylov yakunlari toʻgʻrisida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi komissiyasi, viloyat, tuman va shahar komissiyalari tomonidan taqdim etilgan axborotlarni umumlashtirish va koʻrib chiqish, bu axborotni keng jamoatchilik eʼtiboriga tezkorlik bilan yetkazish.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari 2008-yilning 10-oktabriga qadar boʻlgan muddatda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar tuzsin.
5. Quyidagilarga:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar tarkibiga “Mahalla” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hududiy boʻlinmalari vakillarini kiritish;
fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalarga fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish uchun tuzilgan ishchi guruhlari faoliyati muvofiqlashtirib borilishini taʼminlash;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat, tuman va shahar hokimlariga fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlariga koʻmaklashish, zarur hollarda ularni binolar, transport va aloqa vositalari bilan taʼminlash;
xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlariga oʻz saylov okruglarida saylovoldi tadbirlarini tashkil qilishda faol ishtirok etish;
ommaviy axborot vositalariga fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish jarayonini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazish yuzasidan komissiyalarga amaliy yordam koʻrsatishda faol ishtirok etsin.
7. Senat Kengashi komissiyasi oʻtkazilgan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisidagi axborotni umumlashtirsin hamda saylov yakunlari toʻgʻrisida 2009-yilning 15-yanvariga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga axborot bersin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2008-yil 30-sentabr,
551-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2008-yil 30-sentabrdagi 551-I-sonli Qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga doir TADBIRLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2008-yil 30-sentabrdagi 551-I-sonli Qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyasi TARKIBI
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 9-son, 528-modda)
