9-modda. Psixiatriya yordami koʻrsatilayotgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Fuqaro oʻziga psixiatriya yordami koʻrsatilayotganda oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun oʻzi xohlagan vakilni taklif etishga haqli. Vakillikni rasmiylashtirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻn toʻrt yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan shaxs va qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsga psixiatriya yordami koʻrsatilishida ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki boshqa qonuniy vakillari, ular boʻlmagan hollarda esa — ijtimoiy taʼminot yoki maxsus taʼlim psixiatriya muassasasi maʼmuriyati himoya qiladilar.
Fuqaroga psixiatriya yordami koʻrsatilishida uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini advokat himoya qilishi mumkin. Advokatni taklif etish va uning xizmatiga xaq toʻlash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi. Psixiatriya yordamini koʻrsatayotgan muassasa maʼmuriyati advokat taklif etish imkoniyatini taʼminlaydi, ushbu Qonun 21-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisida va 27-moddasining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
