36-modda. Psixiatriya statsionaridan chiqarish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Davolanuvchini psixiatriya statsionaridan chiqarish u sogʻayib ketgan yoki uning ruhiy holati yaxshilanib, bundan buyon statsionarda davolanish talab qilinmagan hollarda, shuningdek statsionarga joylashtirish uchun asos boʻlgan tekshiruv yoki ekspertiza nihoyasiga yetkazilganidan keyin amalga oshiriladi.
Psixiatriya statsionarida ixtiyoriy ravishda turgan davolanuvchini chiqarish uning shaxsiy arizasiga, uning qonuniy vakilining arizasiga yoki davolovchi shifokorning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizilgan davolanuvchini chiqarish shifokor psixiatrlar komissiyasining xulosasiga yoki sudning bunday yotishni uzaytirishni rad qilish toʻgʻrisidagi qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Sud qaroriga binoan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan davolanuvchini statsionardan chiqarish faqat sud qarori bilan amalga oshiriladi.
Ixtiyoriy ravishda psixiatriya statsionariga yotgan davolanuvchini, agar psixiatriya muassasasining shifokor psixiatrlari komissiyasi tomonidan gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish uchun ushbu Qonunning 27-moddasida nazarda tutilgan asoslar aniqlansa, uni chiqarish rad etilishi mumkin. Bu holda psixiatriya statsionarida boʻlish, yotishni uzaytirish va statsionardan chiqarish masalalari ushbu Qonunning 28—31-moddalarida, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan tartibda hal etiladi.
