31-modda. Gʻayriixtiyoriy tartibda statsionarda yotishni uzaytirish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (123-II-son) · Sana: 31.08.2000 · Amalda
Shaxsning gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionarida boʻlishi statsionarda yotishni uzaytirishga sabab boʻlgan asoslar saqlanib turgan vaqt mobaynidagina davom etadi.
Gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga joylashtirilgan shaxs dastlabki olti oy mobaynida har oyda kamida bir marta psixiatriya muassasasining shifokor psixiatrlari komissiyasi tomonidan statsionarda yotishni uzaytirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak.
Shaxs gʻayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga joylashtirilgan paytdan eʼtiboran olti oy oʻtgandan keyin shifokor psixiatrlarning statsionarda ana shunday yotishni uzaytirish zarurligi toʻgʻrisidagi xulosasi psixiatriya statsionari maʼmuriyati tomonidan psixiatriya muassasasi joylashgan yerdagi sudga yuboriladi. Sud statsionarda yotishni ushbu Qonunning 29—30-moddalarida nazarda tutilgan tartibda uzaytirishi mumkin.
Shaxsning psixiatriya statsionarida yotishi olti oydan ortiq uzaytirilganda shifokor psixiatrlar komissiyasi tomonidan tekshiruvlar olti oyda kamida bir marta oʻtkaziladi.
