Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida (864-XII-son)
07.05.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksi eʼlon qilingan kundan boshlab amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
uch oylik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksiga muvofiq holga keltirish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga taqdim etsin, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini Kodeks bilan muvofiq holga keltirsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Havo kodeksida bayon etilgan Aviatsiya maʼmuriyatining vazifalarini Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi zimmasiga yuklasin;
“Fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisida”gi hukumatlararo bitimga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksini hisobga olgan holda Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasi tasarrufiga beriladigan vazifalarning roʻyxatini aniqlasin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Havo kodeksida koʻrsatib oʻtilgan meʼyoriy hujjatlarni 1993–1994-yillar davomida ishlab chiqsin va amalga kiritsin.
3. Havo kodeksida qayd etib oʻtilgan meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilgunga va qabul qilingunga qadar havo transporti sohasida amal qilib kelayotgan meʼyoriy hujjatlar qoʻllab turiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-may,
864-XII-son
