9-modda. EHM uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazish huquqi hamda ularni roʻyxatdan oʻtkazish
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi toʻgʻrisida (1060-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Amalda
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalariga nisbatan barcha shaxsiy va mulkiy yoki shartnomaga koʻra faqat mulkiy huquqlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning jismoniy yoki yuridik shaxslari dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazish huquqiga egadirlar. Huquq egasi EHM uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini bevosita yoxud oʻz vakili orqali Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida yoki Maʼlumotlar bazalari davlat reyestrida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) talabnoma berish orqali roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish soʻralgan talabnoma (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazish talabnomasi deb yuritiladi) EHM uchun yaratilgan bitta dastur yoki bitta maʼlumotlar bazasiga taalluqli boʻlishi kerak.
Roʻyxatdan oʻtkazish talabnomasi kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi (bundan buyon matnda Davlat muassasasi deb yuritiladi) kerakli hujjatlarning bor-yoʻqligini va qoidalarning talablariga qanchalik muvofiqligini tekshirib chiqadi. Tekshirish natijasi ijobiy boʻlsa, Vazirlik EHM uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini tegishli Reyestrga kiritadi, talabnoma beruvchiga rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilganlik toʻgʻrisida yagona QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda elektron shaklda rasmiylashtirilgan guvohnoma yuboradi hamda roʻyxatdan oʻtkazilgan EHM uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalariga doir maʼlumotlarni Vazirlikning rasmiy axborotnomasida eʼlon qiladi.
Talabnoma beruvchi Davlat muassasasining soʻroviga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan maʼlumotlar rasmiy axborotnomada eʼlon qilinguniga qadar talabnoma materiallarini toʻldirishga, ularga aniqlik kiritishga va ularni tuzatishga haqlidir. Tekshirish natijasi salbiy boʻlsa, Davlat muassasasi talabnoma beruvchiga rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish rad etilganligini bildiruvchi hujjat yuboradi.
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish tartibi, shu jumladan roʻyxatdan oʻtkazish talabnomasini rasmiylashtirish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan maʼmuriy reglament bilan belgilanadi.
