1-modda. Asosiy tushunchalar
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi toʻgʻrisida (1060-XII-son) · Sana: 06.05.1994 · Amalda
Ushbu Qonunda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar:
maʼlumotlar bazasi — obyektiv shaklda ifodalangan hamda elektron hisoblash mashinalari (EHM) yordamida topish va ishlov berish mumkin boʻladigan tarzda bir tizimga solingan maʼlumotlar (masalan: maqolalar, hisob-kitoblar) majmui;
EHM uchun yaratilgan dastur — obyektiv shaklda ifodalangan hamda muayyan natija olish maqsadida EHM, EHM shoxobchalari va boshqa kompyuter vositalarining ishlashi uchun moʻljallangan maʼlumotlar va koʻrsatmalar majmui;
boshlangʻich matn — birorta dasturlash tilida yozilgan, biron-bir kompilyator qayta ishlamagan matn;
obyekt kodi — boshlangʻich matnning mashina kodiga aylantirilishi natijasida yuzaga kelgan dastur;
EHM uchun yaratilgan dasturni dekompilyatsiya qilish — EHM uchun yaratilgan dasturning tarkibiy tuzilishi va kodlanishini oʻrganish maqsadida obyekt kodini boshlangʻich matnga aylantirishni oʻz ichiga oladigan texnikaviy usul;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining adaptatsiyasi — yuzaga kelgan muayyan sharoitda EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining ishlashini taʼminlash maqsadidagina amalga oshiriladigan hamda (dekompilyatsiya qilish oqibatida) muallifning boshlangʻich matni oʻzgarishiga olib kelmaydigan qoʻshimchalar kiritish;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini modifikatsiyalash (qayta ishlash) — ularni adaptatsiya deb hisoblanmaydigan va boshlangʻich matn oʻzgarishiga olib keladigan har qanday tarzda oʻzgartirish;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasidan nusxa olish — EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini har qanday moddiy shaklda bitta yoki koʻproq nusxada tayyorlash hamda ularni EHMning xotirasiga yozish;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini tarqatish — EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining har qanday moddiy shaklda, shu jumladan tarmoqlar vositasida va boshqa usullar yordamida, shuningdek sotish, prokatga berish, ijaraga topshirish, qarzga berib turish, jumladan ushbu maqsadlarning istalgani uchun import qilish yoʻli bilan olingan nusxalaridan foydalanishni taʼminlash;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini bosib chiqarish (eʼlon qilish) — EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining nusxalarini muallifning roziligi bilan nomuayyan shaxslar doirasiga berish (shu jumladan EHM xotirasiga yozish va bosma matn chiqarish yoʻli bilan berish);
