“Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” davlat dasturi toʻgʻrisida (PQ-1046-son)
26.01.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloqning ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirish, iqtisodiyotning agrar sektori samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish ishiga yangi qudratli turtki berish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalarni jadal barpo etish, qishloqda, avvalo yoshlar oʻrtasida bandlik oʻsishini taʼminlash, qishloq aholisining daromadlari va turmush sifatini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarning keng kompleksini amalga oshirish maqsadida, shuningdek 2009-yil Oʻzbekiston Respublikasida Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan:
1. “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Davlat dasturi quyidagilarga yoʻnaltirilgan:
qishloq aholisining manfaatlarini yana ham toʻliqroq taʼminlash maqsadida qonunchilik bazasi va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish va mustahkamlash;
qishloq qiyofasini sifat jihatdan yaxshilash, rivojlanish va arxitektura — reja asosida qurilish bosh sxemalariga muvofiq qishloq aholi punktlari qurilishi, qishloqdagi turar-joy va ijtimoiy soha obyektlari namunaviy loyihalar boʻyicha barpo etilishini nazarda tutuvchi qishloq aholi punktlarining arxitekturaviy rejalashtirilishini tashkil etish va qishloq qurilishini loyihalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish;
ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmasini yanada rivojlantirish asosida qishloqdagi turmush sifatini oshirish, qishloq aholi punktlarini transport kommunikatsiyalari, toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, ayniqsa borish qiyin boʻlgan va olis qishloq aholi punktlari telekommunikatsiya tarmoqlari va pochta aloqasi bilan qamrab olinishini oshirish;
mamlakatning oʻzida qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish, yigʻma konstruksiyalar va mahalliy materiallardan foydalangan holda qishloqda obyektlar qurishning industrial va yigʻma texnologiyalarini joriy etish;
qishloqni mavjud energiya va gaz taʼminoti obyektlarini rekonstruksiya qilish va shunday yangi obyektlar qurish hisobiga zarur energetika resurslari bilan uzluksiz va kafolatli taʼminlash boʻyicha shart-sharoitlar yaratish;
qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni izchil chuqurlashtirib borish, fermerlik harakatini yanada qoʻllab-quvvatlash, uning moddiy va moliyaviy bazasini mustahkamlash, qishloqda shakllanayotgan yangi mulkiy munosabatlar, oʻrta sinf — mulkdorlar, tadbirkorlar, ishbilarmonlar manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlash;
2008 — 2012-yillarda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash yuzasidan tasdiqlangan Davlat dasturiga muvofiq, eng avvalo, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlarni bajarish asosida tuproq unumdorligini tubdan oshirish;
qishloqda sanoat ishlab chiqarishi va qurilishni yanada jadal rivojlantirish, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan ixcham korxonalarning keng tarmogʻini tashkil etish, xizmat koʻrsatish va servis sohasini sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish, shu asosda qishloq aholisi, eng avvalo yoshlar ishga joylashtirilishini, insonlarning daromadlari va farovonligi oshirilishini taʼminlash;
insonlar salomatligi muhofaza qilinishini yaxshilash, qishloq aholisining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, qishloqda umumiy va kasb-hunar taʼlimi tizimini yanada rivojlantirish va uning darajasi hamda sifatini oshirish, qishloq maktablari va kasb-hunar kollejlarining moddiy bazasini mustahkamlash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 11-dekabrdagi R-4023-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Respublika komissiyasi zimmasiga “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturi bajarilishini tashkil etish va uning monitoringini olib borish vazifasi yuklansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari boshchilik qiladigan tegishli hududiy komissiyalar tashkil etilsin hamda ular zimmasiga respublika mintaqalarida Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda soʻzsiz va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgarlik yuklansin.
3. “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev):
ikki hafta muddatda vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, jamoat tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini taʼminlasin;
Dasturga kiritilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin hamda davlat boshqaruvining tegishli respublika va hududiy organlari, shuningdek jamoat va nohukumat tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirsin;
har chorakda Dasturning amalga oshirilishiga doir materiallar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqilishi uchun kiritilsin;
yilning har choragi yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga ushbu qaror bilan tasdiqlangan Dasturning bajarilishi toʻgʻrisida axborot berib borsin.
4. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari Dasturning maqsad va vazifalari keng tushuntirilishini, uni amalga oshirish, qishloqni rivojlantirish, obodonlashtirish va uning qiyofasini sifatli oʻzgartish boʻyicha Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni bajarishga tarmoq va mahalliy boshqaruv organlari, jamoat va nohukumat tuzilmalarining aniq hissasi muntazam yoritib borilishini taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 26-yanvar,
PQ-1046-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 26-yanvardagi PQ-1046-son qaroriga ILOVA
“Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili”
DAVLAT DASTURI
(55-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 28-apreldagi PF-4215-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 17-son, 130-modda)
