Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1894-son)
02.02.2009
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 2-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1894]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 1998-yil 9-noyabrda 19/7-son bilan tasdiqlangan “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar toʻgʻrisida”gi nizom (1998-yil 19-dekabr, roʻyxat raqami 571);
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2003-yil 1-martdagi 4/10-sonli “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori (2003-yil 27-mart, roʻyxat raqami 571-1 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2003-yil, 5-6-son);
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2003-yil 24-noyabrdagi 28/5-sonli “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar toʻgʻrisidagi nizomga 2-sonli oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (2003-yil 10-dekabr, roʻyxat raqami 571-2 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2003-yil, 23-son);
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2004-yil 21-avgustdagi 18/4-sonli “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (2004-yil 16-sentabr, roʻyxat raqami 571-3 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 37-son, 418-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2005-yil 12-maydagi 10/2-sonli “Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga doir talablar haqida”gi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori (2005-yil 13-iyun, roʻyxati raqami 571-4 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-yil, 23-24-son, 174-modda).
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2008-yil 27-dekabr,
30/2-son
Markaziy bank Boshqaruvining 2008-yil 27-dekabrdagi 30/2-sonli qarori bilan TASDIQLANGAN
Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan tijorat banklarining qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalariga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qoʻyiladigan talab va meʼyorlarni belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Tijorat banklari qimmatli qogʻozlar bozoridagi faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlari, mazkur Nizom hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradilar.
2. Tijorat banklari, Markaziy bank tomonidan beriladigan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida qonunchilik hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin.
II. Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar xarid qilish va yuridik shaxslarning ustav kapitalida ulushli ishtirok etishiga doir cheklovlar
3. Tijorat banklari qimmatli qogʻozlarni xarid qilish (davlat qimmatli qogʻozlari bundan mustasno) va yuridik shaxslarning ustav kapitalida ulushli ishtirok etishda quyidagilarga rioya etishlari shart:
a) bankning muayyan yuridik shaxs ustav kapitaliga, shuningdek, ushbu yuridik shaxsning boshqa qimmatli qogʻozlariga kiritgan investitsiyalari miqdori birinchi darajali bank regulyativ kapitalining 15 foizidan oshmasligi kerak;
b) bankning yuridik shaxslar ustav kapitaliga va boshqa qimmatli qogʻozlarga kiritgan investitsiyalari miqdori birinchi darajali bank regulyativ kapitalining 50 foizidan oshmasligi kerak;
v) oldi-sotdi uchun qimmatli qogʻozlarga kiritilgan bank investitsiyalari miqdori birinchi darajali bank regulyativ kapitalining 25 foizidan oshmasligi kerak.
4. Tijorat bankining boshqa banklarning ustav kapitalida ishtirok etishi (chet el kapitali ishtirokidagi banklar va shuʼba banklarini tashkil etish hollari bundan mustasno), shuningdek tijorat bankining oʻz ustav kapitalining oʻn yoki undan ortiq foiz ulushiga ega boʻlgan yuridik shaxsning ustav kapitalida ishtirok etishi taqiqlanadi.
Tijorat banki bevosita yoki bilvosita (shuʼba korxonalar orqali) boshqa yuridik shaxs ustav kapitalining 26 foizidan ortiq qismiga egalik qila olmaydi, biroq quyidagi holatlar bundan mustasno:
a) banklarning sugʻurta va lizing tashkilotlari ustav kapitalidagi ishtiroki;
b) banklarning nobank kredit tashkilotlari ustav kapitalida, shuningdek, moliyaviy bozor infratuzilmasining bir qismi boʻlgan yoki banklarga axborot va maslahat xizmatlari koʻrsatadigan yuridik shaxslar ustav kapitalidagi ishtiroki;
v) banklarning qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyat yuritadigan yuridik shaxslar (tijorat banklarining ustav kapitalidagi ishtiroki bundan mustasno) ustav kapitalidagi ishtiroki;
g) xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalarining 50 foizgacha miqdorini oʻrnatilgan tartibda birlamchi bozordan xarid qilishdagi ishtiroki;
5. Tijorat banklari mazkur Nizomning 4-bandidagi istisnolarni qoʻllagan holda muayyan yuridik shaxs ustav kapitalining 26 foizidan ortiq ulushini sotib olishda yoki bankning bevosita yoki bilvosita mazkur yuridik shaxs faoliyatiga katta taʼsir koʻrsatish imkonini beruvchi shartnoma tuzishda, Markaziy bankka yozma xabar berishlari shart.
6. Tijorat banklariga, emitent — aksiyadorlik jamiyatlari bilan ushbu jamiyat aksiyalari boʻyicha “repo” bitimlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
7. Agar tijorat bankining investitsiya qilingan yoki investitsiya qilinishi rejalashtirilayotgan mablagʻlari miqdori yoki emitent faoliyati tijorat banki omonatchilari, kreditorlari va aksiyadorlari manfaatlariga zarar yetkazishi mumkinligi yoki investitsiyalarni boshqarishda tijorat bankining tajribasi yetarli emasligi aniqlansa, Markaziy bank har qanday yuridik shaxsning ustav kapitali yoki qimmatli qogʻozlariga tijorat banki tomonidan kiritiladigan investitsiyalar miqdoriga qoʻshimcha cheklovlar belgilash huquqiga ega.
8. Mazkur Nizomning 3 va 4-bandlarida belgilangan cheklovlar tijorat bankiga kreditlarni taʼminlash uchun berilgan qimmatli qogʻozlar boʻyicha garov huquqini amalga oshirish natijasida olingan qimmatli qogʻozlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
9. Garov huquqini amalga oshirish natijasida olingan qimmatli qogʻozlar bank tomonidan 2 oy muddat ichida sotilishi shart. Agar, qimmatli qogʻozlar koʻrsatilgan muddatda sotilmasa, ular “sotishga moʻljallangan qimmatli qogʻozlarga qilingan investitsiyalar” yoki “qaram xoʻjalik jamiyatlariga, qoʻshma korxonalarga va shuʼba xoʻjalik jamiyatlariga qilingan investitsiyalar” yoxud “soʻndirish muddatigacha saqlanadigan qarz qimmatli qogʻozlariga qilingan investitsiyalar”ning tegishli hisobvaraqlariga oʻtkaziladi va ularga nisbatan mazkur Nizomning 3 va 4-bandlarida belgilangan cheklovlar qoʻllaniladi.
III. Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga va ularning yuridik shaxslarning ustav kapitalida ulushli ishtirok etishiga doir qoʻshimcha talablar
10. Tijorat banklari investitsiya siyosatida qimmatli qogʻozlar emitenti boʻlgan yoki bank ustav kapitalida ishtirokchi boʻlgan yuridik shaxslarning moliyaviy ahvolini, boshqaruv tajribasini hamda qimmatli qogʻozlarning sifatini baholash mezonlari va uslublari aks ettirilishi shart. Investitsiya siyosatida, shuningdek bank aktivlarini qimmatli qogʻozlarga yoʻnaltirish shartlari belgilanishi lozim.
11. Banklar qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar boʻyicha nazoratni amalga oshirish uchun emitent toʻgʻrisida yetarli maʼlumotga ega boʻlishi lozim.
12. Qimmatli qogʻozlar portfeli toʻgʻrisidagi ichki hisobotlar qimmatli qogʻozlar turlari va tiplari boʻyicha boʻlinishi, sifat reytingi, nominal va bozor qiymatini, xarid qilish va sotish sanasini, foiz stavkalarini, chegirmalarni, olingan dividendlarni (foizlarni), oldi-sotdi bitimlari boʻyicha olingan foyda toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim.
13. Bankning turli boʻlinmalari oʻrtasida majburiyatlarning mutanosib taqsimlanishi, shuningdek suiisteʼmolchilikning oldini olish uchun banklar tegishli ichki nazoratni amalga oshirishi zarur. Mazkur ichki nazorat quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) qimmatli qogʻozlarni xarid qilish yoki sotishni rasmiylashtirish boʻyicha hujjatlarni qabul qiluvchi, qayta ishlovchi xodimlar buxgalteriya operatsiyalarini amalga oshirmasligi, pul mablagʻlarini qabul qilmasligi, buxgalteriya oʻtkazmalarini taqqoslash yoki tasdiqlash imkoniyatiga ega boʻlmasligi;
b) buxgalteriya operatsiyalarini tayyorlash va amalga oshirishga masʼul boʻlgan shaxslar qimmatli qogʻozlarni xarid qilish yoki sotishni rasmiylashtirish boʻyicha hujjatlarni qabul qilmasliklari yoki tasdiqlash maqsadida bitim natijalarini taqqoslash imkoniyatiga ega boʻlmasligi;
v) barcha operatsiyalar hujjatlar bilan tasdiqlanishi hamda buxgalteriya yozuvlari va birlamchi hujjatlar bilan taqqoslanishi;
g) agar, bank brokerlik faoliyatini bajarsa, u holda bank har bir mijoz uchun hisobvaraqlar ochishi va mijozning qimmatli qogʻozlari bilan amalga oshiriladigan barcha operatsiyalar boʻyicha qimmatli qogʻozlarning turlari, operatsiyalar sanasi, xarid qilingan/sotilgan qimmatli qogʻozlar narxi va miqdori koʻrsatilgan holda yozuvlar olib borishi lozim.
14. Qimmatli qogʻozlar bilan ishlashni tashkil etishda qimmatli qogʻozlar emitenti anketasining ushbu Nizomga ilova etilgan namunaviy shaklidan foydalanish tavsiya etiladi.
IV. Yakuniy qoidalar
15. Mazkur Nizomda belgilangan talab va meʼyorlarga tijorat banklari tomonidan rioya etilmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklariga nisbatan “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq chora va sanksiyalar qoʻllash huquqiga ega.
Tijorat banklari tomonidan qimmatli qogʻozlar bilan oʻtkaziladigan operatsiyalarga va ularning boshqa korxonalar ustav kapitalida qatnashishiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Qimmatli qogʻozlar emitenti anketasi
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/5-sonli qarori (roʻyxat raqami 1894-1, 29.07.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 30-son, 401-modda)
