9-modda. Ovoz berish va uning natijalarini aniqlash
Oʻzbekiston Respublikasida Xalq deputatini chaqirib olish tartibi toʻgʻrisida (524-XII-son) · Sana: 14.01.1992 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida xalq deputatini chaqirib olish masalasi yuzasidan ovoz berish yashirin oʻtkaziladi. Ovoz berishni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari saylovi haqida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari saylovi haqida”gi qonunlariga muvofiq oʻtkaziladi.
Ovoz berish chogʻida agar saylovchi deputatning vakolati saqlab qolinishini yoqlab ovoz bersa — deputatning byulletendagi familiyasini qoldiradi, deputatni chaqirib olish uchun ovoz bersa — uning familiyasini oʻchirib tashlaydi.
Agar ovoz beruvchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning yarmidan koʻpi deputatni chaqirib olishni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, deputat chaqirib olingan hisoblanadi.
Agar ovoz beruvchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning yarmidan kami chaqirib olishni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, shuningdek ovoz berishda ovoz beruvchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning yarmidan kami qatnashgan boʻlsa, chaqirib olish rad etilgan hisoblanadi.
Chaqirib olishni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar teng boʻlgan taqdirda deputat oʻz vakolatlarini saqlab qoladi.
Qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi sababli okrug komissiyasi ovoz berish natijalarini haqiqiy emas deb topishi mumkin.
Ovoz berish natijalari ovoz berishning ertasi kuni okrug komissiyasining majlisida aniklanadi, bayonga kiritiladi va tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari saylovini oʻtkazuvchi Markaziy saylov komissiyasiga, xalq deputatlari mahalliy Kengashiga yoki hokimga yuboriladi.
Markaziy saylov komissiyasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashi yoki hokim, shahar (nohiyaga boʻysunuvchi shahar), qishloq va posyolka Kengashining raisi oʻziga yuborilgan okrug komissiyasining bayoni asosida 5 kunlik muddat ichida ovoz berish natijalarini qayd etadi, ushbu Qonun buzilganligi aniqlangan va ovoz berish natijalari haqiqiy emas deb topilgan taqdirda takror ovoz berishni belgilaydi. Takror ovoz berish uzogʻi bilan ikki hafta muddat ichida ushbu Qonunning talablariga rioya etilgan holda oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatini chaqirib olish boʻyicha ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida Markaziy saylov komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashini yoki uning Rayosatini xabardor qiladi.
