6-modda. Deputatni chaqirib olishni yoqlab yoki chaqirib olishga qarshi tashviqot oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasida Xalq deputatini chaqirib olish tartibi toʻgʻrisida (524-XII-son) · Sana: 14.01.1992 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari saylovini oʻtkazuvchi Markaziy saylov komissiyasi yoki okrug komissiyasi deputatni chaqirib olish toʻgʻrisida ovoz berish kunini tayinlaganidan keyin saylovchilarga va mehnat jamoalariga: deputatni chaqirib olish bilan bogʻliq masalalarni erkin hamda har tomonlama muhokama etish imkoniyati kafolatlanadi, shuningdek yigʻilishlarda, matbuotda, televideniye va radio orqali deputatni chaqirib olishni yoqlab yoki chaqirib olishga qarshi moneliksiz tashviqot oʻtkazish huquqi beriladi.
Chaqirib olish toʻgʻrisida masala qoʻzgʻatish kimga taalluqli boʻlsa, ana shu deputatga, shuningdek uning ishonchli vakillariga ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda erkin tashviqot yuritish huquqi beriladi.
Deputatni chaqirib olishga bagʻishlangan ovoz berish kunida tashviqot yuritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
