4-modda. Xalq deputatini chaqirib olish toʻgʻrisida masala qoʻzgʻatish
Oʻzbekiston Respublikasida Xalq deputatini chaqirib olish tartibi toʻgʻrisida (524-XII-son) · Sana: 14.01.1992 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatini, viloyat, nohiya, shahar (viloyatga boʻysunuvchi shahar) Kengashi deputatini chaqirib olishga doir masala qoʻzgʻatishni okrug saylovchilarining konferensiyasi hal qiladi.
Okrug saylovchilarining konferensiyasi okrug komissiyasi tuzilganidan keyin 10 kunlik muddat ichida okrug komissiyasi chiqaradigan qarorga muvofiq oʻtkaziladi va okrug komissiyasi tomonidan belgilanadigan saylov okrugiga kiruvchi mehnat jamoalari aʼzolarining, aholi punktlarida istiqomat qiluvchi saylovchilarning sonini hisobga olgan holda normalar boʻyicha shakllantiriladi. Okrug saylovchilarining konferensiyasiga vakillar mehnat jamoalari yigʻilishlari (konferensiyalari) tomonidan, qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan jamoat birlashmalarining idoralari tomonidan, oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari va xizmatchilarining talabalar bilan birgalikdagi yigʻilishlari, saylovchilarning turar joylardagi va harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning yigʻilishlari tomonidan ochiq yoki yashirin ovoz berish yoʻli bilan koʻrsatiladi. Konferensiyaga tegishli saylov okrugi hududida istiqomat qiluvchi saylovchilargina vakil qilinadi. Delegatlarning roʻyxati istiqomat joylari koʻrsatilgan holda yigʻilishning ertasi kuni okrug komissiyasiga topshiriladi.
Saylovchilar vakil qilgan kishilarning uchdan ikki qismi hozir boʻlgani taqdirda okrug saylovchilarining konferensiyasi qonuniy kuchga ega boʻladi va u chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklifni qoʻllab-quvvatlashga yoki qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortishga haqlidir. Bu xususdagi qaror konferensiya qatnashchilari koʻpchiligining ovozi bilan yashirin ovoz berish yoʻli orqali qabul qilinadi va okrug saylovchilarining eʼtiboriga yetkaziladi.
Xalq deputatlari shahar (nohiyaga boʻysunuvchi shahar), qishloq, posyolka Kengashining deputatini chaqirib olishda okrug saylovchilarining konferensiyasi oʻtkazilmaydi.
