2-modda. Xalq deputatini chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklif
Oʻzbekiston Respublikasida Xalq deputatini chaqirib olish tartibi toʻgʻrisida (524-XII-son) · Sana: 14.01.1992 · Amalda
Oʻzbekiston Respubikasi xalq deputatini chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklif tegishli saylov okrugi hududida joylashgan mehnat jamoalarining yigʻilishlari (konferensiyalari), qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan jamoat birlashmalar, oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari va xizmatchilarining talabalar bilan birgalikdagi yigʻilishlari, saylovchilarning turar joylardagi va harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining yigʻilishlari tomonidan kiritilishi mumkin.
Mahalliy Kengashning xalq deputatini chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklif xalq deputatlari tegishli mahalliy Kengashining hududida joylashgan mehnat jamoalarining, qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan jamoat birlashmalari vakillarining yigʻilishlari (konferensiyalari), oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari va xizmatchilarining talabalar bilan birgalikdagi yigʻilishlari, saylovchilarning turar joylardagi va harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining yigʻilishlari tomonidan, shahar (nohiyaga boʻysunuvchi shahar), qishloq va posyolka Kengashlari deputatlariga nisbatan esa — shuningdek hududiy oʻzini oʻzi boshqarish jamoat idoralari tomonidan kiritilishi mumkin.
Yigʻilishlar “Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari saylovi haqida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning deputatlari saylovi haqida”gi qonunlarda belgilangan tartibda oʻtkaziladi. Yigʻilishlarning bayonlari korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mahalliy ijroiya-boshqaruv idoralarining rahbarlari tomonidan tasdiqlab beriladi.
Xalq deputatini chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklif yozma ravishda tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi yoki uning Rayosatiga, xalq deputatlari mahalliy Kengashiga beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatini chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklifni okrugda koʻllab-quvvatlagan saylovchilarning soni saylov kuni saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining kamida 10 foizini tashkil etishi kerak. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatini chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklifni muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilishlar chaqirib olish toʻgʻrisidagi dastlabki taklif tushgan vaqtdan boshlab 20 kun mobaynida oʻtkaziladi. Yigʻilishlar oʻtkazishni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi yoki uning Rayosati topshirigʻiga binoan tegishli nohiya yoki shahar hokimi zimmasiga yuklatiladi, u esa chaqirib olish toʻgʻrisidagi takliflar berish tugagan kundan boshlab 5 kunlik muddat ichida turar joyini koʻrsatgan holda chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklifni qoʻllab-quvvatlagan saylovchilarning roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi yoki uning Rayosatiga taqdim etadi.
