“421-modda. Qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash
Ijro ishi yuritish takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-199-son) · Sana: 14.01.2009 · Amalda
Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi yoki ijro hujjati boʻlgan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaxs tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra ijro etilmaganda, sud ijrochisi undiruvchining arizasi boʻyicha yoki oʻz tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli.
Sud ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi qarori katta sud ijrochisi tomonidan tasdiqlanadi. Mazkur qarorning koʻchirma nusxalari qarzdor jismoniy shaxsga (agar uning turgan joyi maʼlum boʻlsa), ichki ishlar organlarining kirish, chiqish va fuqarolik boʻlimiga (boshqarmasiga) hamda Davlat chegarasini qoʻriqlash organlariga yuboriladi.
Agar ijro hujjati sud hujjati boʻlmasa va sud hujjati asosida berilmagan boʻlsa, undiruvchi qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni belgilash toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Sud ijrochisining qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat qilinishi yoki protest keltirilishi mumkin.
Qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashga asos boʻlgan ijro hujjatining talablari amalda ijro etilganda yoxud u boʻyicha ijro ishi yuritish ushbu Qonunda belgilangan asoslarga koʻra tugatilganda yoki tamomlanganda, sud ijrochisi keyingi kundan kechiktirmasdan qarzdor jismoniy shaxsni, ichki ishlar organlarini va Davlat chegarasini qoʻriqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini cheklash olib tashlanganligi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi.
Qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni taʼminlash yuzasidan sud ijrochilarining, ichki ishlar organlari va Davlat chegarasini qoʻriqlash organlarining hamkorligi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi”;
