9-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari safini toʻldirish
Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida (O‘RQ-195-son) · Sana: 26.12.2008 · Amalda
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining safini toʻldirish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlar, shu jumladan jamoat birlashmalari qutqaruvchi lavozimiga qabul qilish shartlarini belgilaydi.
Qutqaruv xizmatlariga, professional qutqaruv tuzilmalariga qutqaruvchi lavozimiga, shuningdek qutqaruvchilarni tayyorlovchi taʼlim muassasalarida oʻqishga umumiy oʻrta maʼlumotli, tibbiy tekshiruvda qutqaruvchilik ishiga yaroqli deb topilgan hamda kasbiy, jismoniy tayyorgarligi darajasiga va maʼnaviy-ruhiy fazilatlariga koʻra belgilangan talablarga mos keladigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, qutqaruvchilarni tayyorlash dasturi boʻyicha taʼlim olgan hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish ishlarini olib borish uchun belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalarida qutqaruvchi vazifalarini bajarishga ruxsat beriladi.
