5-modda. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining asosiy vazifalari
Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida (O‘RQ-195-son) · Sana: 26.12.2008 · Amalda
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
oʻz boshqaruv organlari, kuchlari va qutqaruv vositalarini favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilishga hamda ularni bartaraf etish ishlarini olib borishga doimiy shay holatda saqlab turish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha harakatlar rejalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlash yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish, shuningdek favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish;
favqulodda vaziyatlar sharoitida yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish ishlarini olib borish;
aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi bilimlarni targʻib qilish, aholini hamda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) xodimlarini favqulodda vaziyatlar sharoitida harakat qilishga tayyorlashda ishtirok etish.
