3-modda. Asosiy tushunchalar
Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida (O‘RQ-195-son) · Sana: 26.12.2008 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
favqulodda vaziyat — odamlar qurbon boʻlishiga, ularning sogʻligʻi yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻliqni saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarning kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda xavfli omillar taʼsirini tugatishga qaratilgan qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar kompleksi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish — oldindan oʻtkaziladigan hamda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda esa, odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar kompleksi;
qutqaruvchi — muayyan dastur boʻyicha qutqaruv ishlariga tayyorlangan va belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi;
qutqaruv vositalari — qutqaruv ishlarini olib borish uchun moʻljallangan texnik, ilmiy-texnik va intellektual mahsulot, shu jumladan maxsus aloqa va boshqaruv vositalari, texnika, asbob-uskunalar, aslaha-anjomlar, mol-mulk, qutqaruv ishlarini bajarish texnologiyasiga doir uslubiy materiallar, videomateriallar, fotomateriallar, elektron hujjatlar, shuningdek elektron-hisoblash mashinalari uchun dasturiy mahsulotlar va maʼlumotlar bazalari, boshqa vositalar;
qutqaruv ishlari — favqulodda vaziyatlar zonasida odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlash, yuridik hamda jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va ularga xos boʻlgan xavfli omillar taʼsirini yoʻqotish yoki imkon qadar kamaytirishga qaratilgan harakatlar;
qutqaruv tuzilmasi — favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish ishlarini olib borish uchun moʻljallangan, asosini maxsus texnika, asbob-uskunalar, aslaha-anjomlar va boshqa qutqaruv vositalari bilan taʼminlangan qutqaruvchilar boʻlinmalari tashkil etgan mustaqil tuzilma yoki qutqaruv xizmati tarkibiga kiruvchi tuzilma;
