“31-modda. Advokat maqomiga ega boʻlish
Advokatura instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-198-son) · Sana: 31.12.2008 · Amalda
Litsenziya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda adliya organlari deb yuritiladi) tomonidan tegishli malaka komissiyalarining qarorlari asosida beriladi.
Litsenziya olish uchun advokat maqomiga ega boʻlishga talabgor shaxs (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) yuridik mutaxassislik boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlishi, shu jumladan advokatlik tuzilmasida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hayʼatida, yuridik maslahatxonada) kamida olti oy muddat stajirovka oʻtagan boʻlishi kerak hamda malaka imtihonini topshirishi shart.
Malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran topshirishga kamida bir yildan keyin qoʻyiladi.
Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgor litsenziya olish uchun tegishli adliya organiga uch oy ichida murojaat qilishi kerak. Bu muddatni oʻtkazib yuborgan talabgor litsenziya olish uchun adliya organiga malaka imtihonini takroran topshirganidan keyingina murojaat qilishi mumkin.
Advokatlik faoliyatini litsenziyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Belgilangan tartibda litsenziya olgan talabgor uch oy ichida advokat qasamyodini qabul qilishi va yakka tartibda yoki litsenziyaga ega boʻlgan boshqa shaxslar bilan birgalikda advokatlik tuzilmasini tuzishi yoxud faoliyat koʻrsatayotgan advokatlik tuzilmalaridan biriga kirishi shart.
Talabgorga advokatlik guvohnomasi advokatlik tuzilmasi roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki talabgorning faoliyat koʻrsatayotgan advokatlik tuzilmasiga kirganligini tasdiqlovchi hujjatlar adliya organi tomonidan olingan paytdan eʼtiboran uch ish kuni ichida beriladi.
Talabgor advokatlik guvohnomasi berilgan kundan eʼtiboran advokat maqomini oladi, Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi adliya organi tomonidan bu haqda uch kunlik muddatda xabardor qilinadi. Shunday xabarnoma olingan paytdan eʼtiboran advokat Advokatlar palatasining aʼzosi boʻladi”;
3) 4-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Advokatura oʻz faoliyatini qonun ustuvorligi, mustaqillik va boshqa demokratik prinsiplar asosida amalga oshiradi.
